Axborot-resurs markazi
JIDU kutubxonasi 1992-yilda tashkil topgan. Kutubxona fondida 214 671 dan ziyod kitoblar mavjud. Qisqa vaqt ichida kutubxona zahirasi iqtisodiyot, iqtisodiyot nazariyasi, menejment, marketing, xalqaro tashkilotlar, buxgalteriya, statistika, huquq va siyosatshunoslik fanlariga doir adabiyotlar bilan boyitildi. Shu bilan birga kutubxonada multimedia fondi tashkil etilgan bo`lib, unda audio-video kassetalar, CD-ROM formatidagi manbalar mavjud. Kutubxona fondining tashkil etilishida O`zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonasi, shuningdek Buyuk Britaniya, Fransiya,Yaponiya, Hindiston va boshqa xorijiy mamlakatlarning elchixonalari katta hissa qo`shganlar. Jumladan Germaniya adabiyotlari fondinig asosiy qismi Germaniya elchixonasi, Xalqaro Kitob Fondi, Konrad Adenaurning fondi hamda Universitetning professor-o`qituvchilari bilan birgalikda tashkil etilgan. Buyuk Britaniya va AQSH mamlakatlarining elchixonalari, hamda SABRE, PERDCA, WORLD BANK kabi bir qator xayriya fondlari tomonidan ingliz tilidagi adabiyotlar kutubxona fondiga taqdim etilgan.
1995-yilda Universitet kutubxonasi fondiga britaniyalik ilmiy tadqiqotchi Anna Shixning arxivi taqdim etildi. Olima Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati, tarixi, etnografiyasi haqidagi bir qator maqola va adabiyotlar muallifi hisoblanadi. Bundan tashqari kutubxona fondida “Britanica” nomli “Worldbook” ham mavjud, unda 1998-yilga qadar sodir bo`lgan muhim hodisalar to`liq yoritib berilgan. Keyinchalik kutubxona fondi fransuz, yapon, koreys, italyan va ispan tillaridagi adabiyotlar bilan boyitib borildi. Fondning asosiy qismini xorijiy tildagi adabiyotlar tashkil etadi. Bundan tashqari mumtoz adabiyotimizning yorqin namoyandalaridan Alisher Navoiy, Al-Farg`oniy, Al-Buxoriy, Al-Forobiy, Abu Ali Ibn Sino, Beruniy singari ulamo va faylasuflarning falsafiy fikr va asarlariga doir adabiyotlar ham mavjud. Adabiyotlarning asosiy qismini lotin alifbosidagi kitoblar tashkil etadi.
Kutubxona mahalliy va xorijiy mamlakatlarning ko’plab davriy manbalariga ega bo`lishi bilan bir qatorda, OECD-iLibrary, Cabridge University Press, Polpred.com, EBSCO Publications kabi elektron resurslariga ham bog`lana oladi. Kitobxonlar kutubxonada o`zlari uchun kerakli bo’lgan manba va kitoblardan foydalanish huquqiga egadirlar. Kutubxona xodimlari esa bunda ularga kerakli ma`lumotlarni beradilar. Bundan tashqari xodimlar kitobxonlarga kitoblarni topshirish va qabul qilish kabi vazifalarni ham bajaradilar. 2007-yilning sentabr oyida kutubxona qayta jihozlandi, keyinchalik unga Axborot-resurs markazi nomi berildi. Axborot-resurs markazi 70 ta zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan.
ARM dan foydalanuvchilar uchun 3 ta bo’lim mavjud, bular:
- Abonement bo`limi. Bu yerda kitobxonlar ma`lum muddatga kitob olishlari mumkin. Kitoblar avtomatlashtirilgan tarzda topshiriladi.Barcha foydalanuvchilar haqidagi ma`lumotlar bazaga kiritilgan bo`lib, ularning har biri o`z beyjiklariga egalar.
- Multimedia zali. Bu yerda kitobxonlar elektron resurslardan foydalanishlari mumkin. Zalda skaner va printerlar ham mavjud. Bundan tashqari ko`plab audio, video, CD DVD formatidagi manbalar mavjud.
- O`quv zali. Bu yerdan kitobxonlar soat 9-00 dan 20-00 ga qadar foydalanish imkoniyatiga egadirlar. O`quv zalida ilmiy muhokama va ma`ruzalar xonasi ham mavjud. Shuningdek, zalda internet tarmog`idan foydalanish imkonini beruvchi Wi-Fi tizimi ham mavjud.
ARMda Libeka tizimi joriy etilgan bo`lib, tizimda elektron katalog bilan ishlash va kitoblarni topshirish imkoniyatlari mavjud. Tizimning afzal taraflaridan yana biri shundaki, foydalanuvchilar o`zlari uchun kerakli bo`lgan adabiyotlarni qidirish, buyurtma berish, kutubxonadan qanday kitoblarni olganliklari haqida o`z shaxsiy kabinetlarida tekshirish imkoniyatiga ham egadirlar. ARMdagi barcha resurslar (darslik, maqola, davriy manbaalar, elektron shaklidagi adabiyotlar) elektron katalogga kiritilgan bo`lib, ularni ochiq axborot tarzida ko`rish mumkin. ARMda mavjud bo`lgan elektron resurslar darslik va qo`shimcha o`quv adabiyotlari, badiiy adabiyotlar, shuningdek JIDU o`qituvchilarining ma`ruzalaridan iborat.
ARM xodimlari kitobxonlarning o`zlari uchun kerakli bo`lgan ma`lumotlarni qidirishlarining samarasini oshirish maqsadida doimiy ravishda trening va maslahatlar berib boradilar. Bundan tashqari ARMda kitobxonlarning savodxonligini oshirish maqsadida muntazam ravishda esdalik ko`rgazmalari tashkil etilib boriladi. Har o`quv yilining boshlanishida 1-bosqich talabalari uchun ARMdan foydalanish va qoidalari haqida taqdimotlar o`tkazib boriladi.