Diplomatik akademiya
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2022-yil 23-iyuldagi “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tizimli isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–330-sonli qaroriga asosan 2022-yil sentabr oyidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) huzurida Diplomatik akademiya oʻz faoliyatini boshladi.
Davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, nisbatan qisqa vaqt ichida Diplomatik akademiyaning tashkiliy-meʼyoriy xujjatlari ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Jumladan, Dipakademiya shtat jadvali, oʻquv rejalari va oʻquv dasturlari, tinglovchilar tayyorgarligini baholash tizimi qabul qilindi, Ilmiy kengash tarkibi shakllantirildi. 2022-yil 1-noyabr kuni Diplomatik akademiyaning ochilish marosimida davlat idoralari vakillari, Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan qator xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdilar.
Zahiradagi diplomatlarni tizimli tayyorlash boʻyicha Dipakademiyaning “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyati” mavzusidagi birinchi oʻquv kursiga 26 nafar tinglovchi qabul qilindi.
2022-yil 19-noyabrdan 17-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Admistratsiyasi xodimlari uchun “Diplomatik protokol va xalqaro muzokaralar” mavzusida maxsus oʻquv kurslari tashkil etildi.
Dipakademiya oʻquv jarayoniga xalqaro munosabatlar sohasida chuqur nazariy bilim va katta amaliy tajribaga ega milliy va xorijiy mutaxassislar jalb etildi.
2022-yil 27-dekabr kuni yuqorida koʻrsatilgan kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga Diplomatik akademiya sertifikatlari topshirildi.
Xalqaro hamkorlik yoʻnalishida Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Dipakademiyada maʼruzalar oʻqish uchun xorijiy elchilar taklif qilindi. Hozirgi vaqtda Vengriya Diplomatik akademiyasi, Saudiya Arabistoni Diplomatik tadqiqotlar instituti, Koreya Respublikasi va Turkiya Diplomatik akademiyalari bilan hamkorlik oʻrnatish boʻyicha tegishli muzokaralar olib borilmoqda.