27.04.2023 1029

26-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ispan yozuvchisi va tarjimoni Marta Ingrid Rebon Rodriges bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. U ispan tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarda rus adabiyoti bo‘yicha yetakchi mutaxassislardan biri sanaladi. Marta Rebon O‘zbekistonning jahon adabiyotiga, xususan, II Jahon urushi yillaridagi evakuatsiya davrida Anna Axmatova, Lidiya Chukovskaya, Nadejda Mandelstam va Evgeniya Pasternaklar yashab o‘tgan davridagi ta’sirini o‘rganish maqsadida Ispaniya elchixonasi taklifiga binoan O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Anna Axmatovaning Toshkentdagi hayoti va ijodi, hamda uning O‘zbekiston adabiy hayotidagi ishtiroki tadqiqotchining maxsus tadqiqot mavzusidir.

Uchrashuvda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Odil Yusufjonov va Ispaniyaning O‘zbekistondagi Elchixonasining Muvaqqat ishlar vakili Gonsalo Furnier Konde so‘zga chiqdilar hamda Filologiya fanlari doktori, Abu Rayxon Beruniy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Ra’no Ibrohimova, filologiya fanlari nomzodi dotsent Shoira Normatovalar ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Bundan tashqari, ispan tilini o‘rganayotgan talabalar Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanidan ispan tilida qisqacha lavha va Anna Axmatova she’rini rus va ispan tillarida ijro etishdi. Tadbir juda mazmunli va qiziqarli bo‘lib, ishtirokchilarga dunyoqarashini kengaytirish, Ispaniya madaniyati va adabiyoti haqida ko‘proq ma’lumot olish imkonini berdi.