“Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalar uchun kadrlar tayyorlashda til va tarjima masalalari” mavzusidagi XIII an’anaviy ilmiy-amaliy konferensiya
18.12.2020 2292
Hozirgi kunda yurtimizda oliy ta’limni tizimli isloh qilish, zamonaviy bilim va yuksak ma'naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta'limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta'lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish jarayonlari shiddat bilan kechmoqda. Ayni paytda, dunyoga kelgan ofat - koronavirus pandemiyasi barcha sohalarda bo‘lgani kabi ta'lim tizimiga ham jiddiy ta'sir ko‘rsatdi. Lekin davlatimiz tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli ta'limda uzilish bo‘lmadi, qisqa muddat ichida yurtimizda masofaviy ta'lim yo‘lga qo‘yildi va muvaffaqiyatli amalda qo‘llanmoqda.
Ushbu munosabat bilan shu yil 16-dekabrda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bo‘lib o‘tgan “Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalar uchun kadrlar tayyorlashda til va tarjima masalalari” mavzusidagi XIII an’anaviy ilmiy-amaliy konferensiya muhim ahamiyat kasb etdi. Anjumanga 10 dan ortiq OTMlaridan 60 dan ziyod ma’ruza tezislari yuborildi. Tadbirda 40 dan ortiq professor-o‘qituvchilar ishtirok etdilar.
Konferensiya ishini JIDU ilmiy ishlar va innovatsiya bo‘yicha prorektori G.S.Ismailova kirish nutqi bilan ochdi, yig‘ilish ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirib, hozirgi kunda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalar uchun kadrlar tayyorlashda til ta'limini maqsadli tashkillashtirish, shuningdek, muhim e'tibor qaratilayotgan vazifalardan biri – tarjimashunoslik va tarjimonlar tayyorlash masalasini jiddiy tadqiq etish, til ta'limi tizimini yanada takomillashtirish, til o‘qitishga jahon tajribasidan kelib chiqqan holda yangicha yondashish zarurligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan bir qatorda anjuman doirasida muhokama qilinayotgan masalalarning dolzarbligi qayd etilib, ushbu ilmiy-amaliy konferensiya natijalari oliy ta’lim tizimida o‘z yechimini kutayotgan muammolarni hal etishda amaliy turtki bo‘lishiga ishonch bildirildi.
O‘zDJTU fransuz tili nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dotsenti P.P Nishonov, JIDU dotsenti G.N.Irmuxamedova, Ispaniyadagi Valyadolida universiteti, falsafa va ijtimoiy fanlar fakultetining lingvistika yo‘nalishi magistranti H.Ro‘ziyeva, JIDU roman-german tillari kafedrasi dotsenti V.A.Mamatkasimova, Qoraqalpoq davlat universiteti dotsenti N.Qilichev, JIDU O`zbek va rus tillari kafedrasi dotsenti G.M.Raxmatullayeva, TDSHU turk tili o‘qituvchisi Sh. Subhonov, f.f.d., professor B.Samadovlarning chiqishlari qiziqish bilan tinglandi va anjuman qatnashchilarining qizg`in muhokamalariga sabab bo‘ldi. Konferensiya do‘stona ilmiy munozara ruhida o‘tdi.