21.10.2022        2307

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida 2019-yil 4-oktabr qarori hamda  “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 21-oktabr farmoyishining e’lon qilinishi davlatimiz tomonidan  ona tilimizga ko‘rsatilayotgan hurmat va e’tiborning yorqin namunasi bo‘lgan edi. Jumladan,“Oʻzbek tilimiz “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida gʻoyat muhim oʻrin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir“, deya ulugʻlanadi ushbu qarorda. 

O‘tgan davr ichida mazkur qaror ijrosi yo‘lida tilshunos olimlarimiz tomonidan olib borilayotgan ishlar va hukumatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik tahsinga sazovordir.

Joriy yilning 19-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Oʻzbek tili bayrami” kuni munosabati bilan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” shiori ostida tadbir oʻtkazildi. Tadbirda JIDU professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdilar. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari,  Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Solihovich Safoyev kirish nutqi bilan ochib berdi. Notiq oʻz nutqida davlat tilini bilish, unda savodli muloqot qila olish har bir fuqaroning burchi ekanligini aytib o‘tib, barcha   inson o‘z tili bilan faxrlanishi kerakligini, o‘zbek tilining ifoda imkoniyati kengligini, shuningdek, biz universitetimizda xalqaro sohada faoliyat yuritayotgan kadrlarni tayyorlamoqdamiz, xalqaro miqyosdagi  kadr  o‘z tili, madaniyati, tarixini hurmat qilishga majbur ekanligini alohida ta’kidladi. 

Universiteti rektori S.S.Safoyev tomonidan  2022-yil oktabr oyi davomida  Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya unversitetida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim”shiori ostida “O‘zbek tili -  milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli” mavzusida o‘tkazilgan   esselar tanlovining 1-darajali diplomi bilan Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti 1-kurs talabasi Imomova Maftuna, “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim”shiori ostida “Ona tilim, omon bo'l mangu” mavzusida o‘tkazilgan   publitsistik maqolalar tanlovining 1-darajali diplomi bilan Xalqaro munosabatlar fakulteti 2-kurs talabasi Haydarova Mushtariy, “Til bilimdonlari” shiori ostida “Til - millat ko'zgusi“ mavzusida o‘tkazilgan  videoroliklar tanlovining 1-darajali diplomi bilan Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti 1-kurs talabasi Rixsiboyev Ibrohim, “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” shiori ostida “Eng savodxon talaba“ mavzusida o‘tkazilgan diktant  tanlovining 1-darajali diplomi bilan Xalqaro huquq  fakulteti 1-kurs talabasi Abduraxmonova Madina  taqdirlandi.

Bayram tadbiri "Til – millat ko‘zgusi”  mavzusidagi videolavha namoyishi orqali noan'anaviy tarzda, ko'tarinki kayfiyatda boshlandi.

Ma’lumki, bugun mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzi ortib borishi bilan madaniyatimiz, san’atimiz, milliy qadriyatlarimiz, tilimizga bo‘lgan e’tibor ham oshmoqda. Hozirgi kunda Amerika, Yaponiya, Hindiston, Misr Arab Respublikasi, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Fransiya va qator davlatlarning universitetlarida o‘zbek tilini o‘rganuvchi talabalar soni  yildan yilga ko‘payib, mamlakatimizga bo‘lgan qiziqish ortmoqda. Jumladan, tadbirda JIDUda 2022-2023-o‘quv yilida O‘zbek va rus tillarida tahsil olayotgan Janubiy Koreyaning Xankuk  universiteti talabalarining bayram tabriklari ham tinglandi.

Tadbir mobaynida talabalarning xalqona maqol va iboralar borasidagi bilimlarini sinab ko‘rish maqsadida “Til bilimdonlari” tanlovi o‘tkazildi. O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlab ona tilimizning beqiyos go‘zalligi va qudratini namoyish qiluvchi badiiy ijod namunlari asosida hamda milliy o‘zligimiz himoyachilari  va istiqlol fidoyilarining jasoratlaridan hikoya qiluvchi sahna ko‘rinishlari namoyish etildi,  bu esa bayramga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.

Universitetimizda  uyushtirilgan ushbu tadbir ona tilimizga bo‘lgan ehtiromimiz nishonasidir!

Tadbir bayramona ruhda, xush kayfiyatda o‘tdi.