09.05.2021        12939

Har yili 9-may sanasi mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida nishonlanadi. Bu kun bugungi tinch va osuda kunlarimiz uchun kurashgan, fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, tinchlik-osoyishtalik yo‘lida jonini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini yod etish kunidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “9-may – Gʻalaba kuni el-yurtimizning asl farzandlari besh yil davomida mardona jang qilib, yovuz dushmanni tor-mor etgan, mislsiz talofatlar evaziga erishgan shon-sharaf ayyomidir. Bu – hech qachon unutilmaydigan, hech qanday kuch bizdan tortib ololmaydigan buyuk tarix, qudratli maʼnaviy boyligimizdir”.

Darhaqiqat, bugungi kunda ajdodlarimiz xotirasini yod etib, ularning ezgu ishlarini davom ettirish, hozirda esa oramizda yurgan, yurtimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan keksalarni e’zozlash ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bormoqda.

 O‘tgan davr mobaynida marhumlarni yod etish, nuroniylar, bemorlar holidan xabar olish nafaqat o‘zbeklar, balki mamlakatimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elat vakillari uchun odat tusiga kirdi. Binobarin, o‘tganlar xotirasiga hurmat bajo keltirish, insonni tiriklik chog‘ida qadrlashdek hayotiy qarashlar el-yurtimizning qon-qoniga singib borayotgani tarbiyaviy ahamiyat kasb etmoqda.

Tarixdan ma’lumki, 1937-1953-yillarda sobiq SSSR hududida dahshatli ommaviy qatag‘onlar amalga oshirilgan. Uning qanchalik mudhish ekanligini tasavvur qilish uchun birgina mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 100 ming kishi qatag‘onga uchrab, 13 ming nafari esa otib tashlanganini eslashimiz kifoya.

Insoniylik qadri toptalgan, hayoti poymol etilgan bu odamlar orasida nafaqat aholining ziyoli qatlami, balki yuzlab oddiy insonlar bor edi. Ushbu davrda qanchadan-qancha odamlarning o‘z oilasidan judo bo‘lgani, ayollar esa bevalikka, go‘daklar yetimlikka mahkum etilganini, minglab dehqonlarning “quloq” sifatida olis o‘lkalarga surgun qilinganini inobatga olsak, xalqimiz boshiga tushgan bu fojianing dahshati yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.

Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni o‘rganishda tom ma’noda yangi davr boshlandi, deb aytishga bugun barcha asoslarimiz bor. Masalan, shu vaqtga qadar urush boshlangan paytda yurtimiz aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan va ularning 1 million 500 mingga yaqini urushda ishtirok etgan, deb hisoblanar edi.

Yangi topilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Demak, har uch nafar o‘zbekistonlikdan bittasi qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan.

Ayovsiz janglarda mardona qatnashgan qariyb 451 ming nafar yurtdoshimizning nomlari va taqdiri shuncha yillar mobaynida e’tibordan chetda qolib kelganini albatta adolatdan, deb bo‘lmaydi.

Mana, dahshatli urushda xalqimiz qanday og‘ir yo‘qotish va talafotlar bergan, qanday azob-uqubatlarni boshidan kechirgan!

Soʻzimni Xurshid Davronning quyidagi toʻrtligi bilan yakunlamoqchiman:

Xotira bor ekan, tirikdir millat,

Tirikdir iftixor, tirikdir g‘urur.

Xotira — elni xalq etguvchi qudrat,

Xotira — ertani yoritguvchi nur.

Dilmurod Dilmurodov,
“Xalqaro munosabatlar” fakulteti 1-bosqich talabasi