21.01.2019        23456

2019-yilning 19-yanvar kuni Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakulteti tomonidan  “ScienceDirect va Scopus”ning xalqaro ilmiy bazasidan foydalanish bo‘yicha ilmiy-uslubiy seminar tashkil etildi.

Seminar maqsadi professor-o‘qituvchilar tarkibi, doktorantlar va yosh tadqiqotchilarga ilmiy tadqiqot natijalarini rasmiylashtirishning  xalqaro talablari  va maqolalarni xalqaro jurnal hamda ilmiy to‘plamlarda nashrga tayyorlash bo‘yicha batafsil ma'lumot berish edi.

Bunday tadbirlarning amaliy ahamiyati shundan iboratki,   olimlar , ayniqsa, tadqiqotchilar  chet el jurnallarida nashr talablaridan xabardor bo‘lmaganliklari tufayli, u yerda o‘z ilmiy maqolalarini nashr etishda ko‘pincha qiyinchiliklarga duch keladilar.

Mashg‘ulotni Elsevier* (Niderlandiya) kompaniyasining Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha mintaqaviy direktori  Aliya Ospanova olib bordi. Ilmiy-uslubiy jihatdan yuqori darajada o‘tgan ushbu seminar ishtirokchilarning  yakdil fikrlariga ko'ra, JIDU olimlari va tadqiqotchilarining ilmiy tadqiqotlari sifatini oshirishga va ularni chet el jurnallarida, shu jumladan "Elsevier" tizimida o‘z maqolalarini nashr etishlariga  amaliy ko‘mak beradi.

Olimlar Scopus ma'lumotlar bazasiga kiritilgan ilmiy jurnallar qidiruvi va tahlili, shuningdek,  Internet resurslaridan foydalangan holda tadqiqot ishlarini rejalashtirish bo‘yicha aniq tavsiyalar oldilar

* Elsevier - dunyodagi eng yirik to‘rt nashriyot uylaridan biri bo‘lib, har yili dunyoda chop etiladigan ilmiy jurnallarning to‘rtdan bir qismini chiqaradi.

Elsevier dunyoning 180 ta mamlakatidan taxminan 4500ga yaqin tashkilot va universitetlarga ilmiy maqolalar arxividan foydalanishga ruxsat beradi.

Elsevier kompaniyasi mahsulotlariga obunachilar butun dunyodagi tadqiqot markazlari (universitetlar, kutubxonalar, vazirlik va idoralar), shuningdek, Yevropa, Amerika va Osiyodagi xususiy kompaniyalardir. 30 milliondan ortiq olimlar, talabalar, turli soha mutaxassislari nashriyot ma'lumotlar bazasiga kirish imkoniyatini oladilar. Har yili 240 milliondan ziyod maqolalar nashr qilinadi.