Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning oʻzbek tilida chop etilgan kitobi taqdimoti oʻtkazildi
21.11.2022 1534
Joriy yilning 21-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning o‘zbek tilida chop etilgan kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Fransiya Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifiga bag‘ishlangan bo‘lib, uchrashuvni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori S.Safoyev ochib berdi. “Fransiya universitetlari bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hozirgi kunga qadar 3 ta memorandum imzolagan. Mazkur kitobning o‘zbek tilida chop etilishi – katta hodisa. Sizlar uning birinchi mushtariylaridan bo‘lasizlar”, - deya ta’kidladi. Uchrashuv so‘ngida marosim ishtirokchilariga tashakkur bildirildi.
Shuningdek, Prezident Emmanuel Makronning siyosiy portreti, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar o‘qib eshittirildi. “Yashasin, Fransiya!” kitobini o‘qish orqali Fransiyaning hozirgi siyosati, ustuvor yo‘nalishlari, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston siyosatiga munosabatini tushunishga yordam beradi”, - dedi JIDU qoshidagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari A.Umarov.
Muloqotda O‘zbekiston Parlamenti va hukumat a’zolari, soha ekspertlari va JIDU professor-o‘qituvchilari hamda frankofon talabalar ishtirok etdilar.