Axborotdan erkin foydalanish Xalqaro kuniga bag’ishlangan anjuman
07.10.2019 7288
YUNESKO qaroriga binoan 28 sentyabr axborotdan erkin foydalanish Xalqaro kuni deb e‘lon qilingan edi. Qozog’iston Respublikasida BMT Axborot byurosi tashabbusi bilan “Axborot olish: akademik ta‘sirni kuchaytirish” mavzusida I Markaziy Osiyo seminari bo’lib o’tdi. U Olmaotadagi BMT Axborot byurosining majlislar zalida bo'lib o’tdi. Unda axborot faoliyati sohasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining barqaror rivojlanishini yanada kengaytirish va mustahkamlash nuqtai nazaridan axborotning ahamiyati muhokama qilindi.
Seminar ishtirokchilari – Qozog’iston, O’zbekiston, Qirg’iziston, Avstraliyaning olimlari, jurnalistlari, tadqiqotchilari, talabalari va ommaviy axborot vositalari xodimlari o’zlarining ish tajribalari bilan o’rtoqlashdilar, axborot kanallari uchun materiallar to’plash va tayyorlashda mavjud muammolarni muhokama qildilar.
Seminarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Olmaota shahridagi Jamoatchilik axboroti Departamenti rahbari Samek Vlastilin va Qozog’iston milliy universiteti jurnalistika fakulteti matbuot va elektron OAV kafedrasi mudiri, professor Gulmira Serikbayevna Sultanbayeva olib bordilar. Unda O’zbekistondan filologiya fanlari doktori, JIDU Ijtimoiy-siyosiy fanlar kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Fotima Mo’minova, O’zbekiston Milliy universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori Yoqutxon Mamatova, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining doktoranti Nodira Musayeva ishtirok etdi. Forumda professor F.I.Mo’minova “Jurnalistlar amaliyotida axborot olish muammolari” mavzusida ma‘ruza qildi.
Xalqaro seminar yakunida ishtirokchilar jurnalistika bo’yicha Markaziy Osiyo universitetlari Аssotsiatsiyasini va uning Ustavini yaratish loyihasini taqdim etdilar va ma‘qulladilar. Ushbu Аssotsiatsiya doirasida Markaziy Osiyo respublikalari o’rtasida jurnalistika va axborot faoliyati sohasida hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan ilmiy va ta’lim loyihalari, konferentsiyalar, uchrashuvlar tashkil etiladi.