“21 asrda xalqaro sohaning yetakchi mutaxassisi boʻlish sirlari” mavzusidagi mahorat darsi haqida
23.09.2019 7263
2019-yilning 21-sentyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Faollar zalida ushbu oliygohning bitiruvchisi, hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi maslahatchi-Spichrayteri boʻlinmasining yetakchi konsultanti Sardor Usmanov bilan “21 asrda xalqaro sohaning yetakchi mutaxassisi boʻlish sirlari” mavzusida mahorat darsi boʻlib oʻtdi.
Sardor Usmanov oʻz chiqishini avvalambor “xalqaro sohaning mutaxassisi” (internationalist) tushunchasiga taʼrif berish bilan boshladi. Soʻng zamonaviy dunyoda shunday mutaxassislarga qoʻyiladigan talab va andozalar haqida soʻz yuritildi.
Xususan, maʼruzachi boʻlajak mutaxassislar ichki siyosiy-iqtisodiy va shiddat bilan oʻzgarayotgan xalqaro vaziyatni muntazam tarzda kuzatib, uni metodik tarzda oʻrganib borish zaruratini taʼkidladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2018-yilning 11-yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi hodimlari va xorijdagi elchilarimiz bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida muhokama qilingan dolzarb masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Shundan soʻng, jahon miqyosida faoliyat olib boradigan mutaxassislar bir vaqtning oʻzida “ixtisoslashgan soha” egalari boʻlish lozimligi taʼkidlandi. Biroq, maʼruzachi mutaxassislar oʻzining tor sohasiga haddan ziyod berilib ketib, mintaqa va dunyo miqyosidagi rivojlanish dinamikasini nazardan chetda qoldirmaslikka chaqirdi.
Uchrashuv davomida maʼruzachi xalqaro sohani ilmiy usullar asosida oʻrganish haqida gapirib, tinglovchilarga oʻz tajribasidan kelib chiqib, bir qator maslahat va tavsiyalar berdi. Interaktiv tarzda oʻtgan tadbir yakunida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.