11.06.2019 11282

7 iyun kuni JIDUda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshirigʼiga binoan Toshkent shahri oliy taʼlim muassasalaridan saralab olingan iqtidorli talabalarning ogʼzaki va yozma tarjimonlik, turizm, Oʼzbekiston tarixi, ekskursiyashunoslik, sanʼat va madaniyat, etika-estetika, nutq madaniyatiga oid bilimlarini oshirish va shu orqali dunyoqarashini yanada kengaytirishga qaratilgan 4 oylik maxsus oʼquv kursi bitiruvchilarini taqdirlash marosimi boʼlib oʼtdi. Maxsus kurs davomida talabalarga JIDUda 4-oylik oʼquv kurslari tashkil etilib, ular turizm asoslari, gid hamrohligi va tarjima sanʼati sirlari hamda Oʼzbekistonning tarixiy va madaniy merosi kabi yoʼnalishlarda tahsil olishdi. Oʼquv kurslari davomida, shuningdek, ingliz, frantsuz, nemis va ispan tillari hamda arab, fors, turk, hind kabi Sharq tillaridan chuqurlashtirilgan dastur asosida darslar oʼtildi.

Oʼquv mashgʼulotlari davomida talabalar Samarkand, Buxoro, Xiva, Urganch, Fargʼona, Qoʼqon, Margʼilon kabi mamlakatimizning koʼhna tarixiy shaharlariga tashrif buyurib, u yerdagi tarixiy obidalar bilan tanishishdi, turizm va gid hamrohligi sohalarida ilm va koʼnikmalarini mustahkamlashdi. Bundan tashqari, 4 oylik oʼquv kurslari davomida talabalar mamlakatimizda boʼlib oʼtgan turli xildagi xalqaro konferentsiyalarda tarjimon sifatida ishtirok etishdi, xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlarga jalb etildi.