01.05.2019 6891

22-26 aprel kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida "Roman-german tillari" kafedrasi professor-o'qituvchilari tashabbusi bilan "Yevropa tillari haftaligi" o'tkazildi. Mazkur haftalik doirasida bir qancha ijtimoiy va madaniy-maʼrifiy tadbirlar bo'lib o'tdi.

Haftalik 22-aprel kuni "Yevropa milliy oshxonasi" ko'rgazmasi bilan boshlandi. Bunda talabalar ispan, italyan, nemis va fransuz milliy oshxonasining tansiq taomlari va shirinliklarini tayyorlab, universitet "Ekobar"ida namoyish qildilar. Ko'rgazmaga tashrif buyurgan professor-o'qituvchilar, talabalar va universitet maʼmuriyati mazkur taomlarni xarid qilish va ularni ta'tib ko'rish imkoniyaiga ega bo'ldilar. Yevropa milliy oshxonasi ko'rgazmasidan tushgan mablagʻ jami 1,5 millionni tashkil etdi va bu mablagʻlar U.K.Qurbonov nomidagi bolalar psixonevrologik shifoxonasiga xayriya qilindi. Aksiya tashkilotchilari sanalmish "Roman-german tillari" kafedrasi oʻqituvchilari va universitet faol talabalari 24-aprel kuni bir qancha badiiy kitoblar,  o'quv qurollari va gigiyena vositalari ko'rinishidagi sovg'a-salomlar bilan yuqorida nomi qayd etilgan shifo muassasasiga tashrif buyurdilar va xasta bolalarga salomatlik tilab, o'z sovg'alarini taqdim etadilar.

22-aprel kuni soat 14:30 da shartli Ispaniya, Italiya, Fransiya, Germaniya va Angliya terma jamoalari o'rtasida futbol musobaqasiga start berildi.

Bunda turnirning saralash musobaqalari va yarim final uchrashuvlari bo'lib o'tdi. O'z kursdosh do'stlari va talabalarini qo'llab-quvvatlash uchun  tashrif buyurgan talaba, o'qituvchilar va futbol ixlosmandlari ko'z o'ngida kechgan shiddatli o'yin natijasida "Bavariya" va "Borussiya Dortmund" jamoalari finalga yo'l olishdi. Uchinchi o'rin Ispaniya va Fransiya jamoalari o’rtasida taqsimlandi.

24- aprel chorshanba kuni futbol bo'yicha "Bavariya" va "Borussiya Dortmund" jamoalari o'rtasida final uchrashuv bo’lib o’tdi. Unga O'zbekiston futbol federatsiyasidan sharafli mehmonlari taklif etildi. Yakuniy o'yin taniqli futbol sharhlovchisi, " Asr futbolidagi asl qadrdonlarim " kitobi muallifi, Ahbor Imomxo'jaev va O'zbekiston Respublikasi yilning eng yaxshi hakami, Osiyo qit'asining besh karra eng yaxshi hakami, Global Futbol Mukofotlari g'olibi bo'lgan Ravshan Ermatov tomonidan baholandi. Borussiya Dortmund 3: 1 hisobida g'alaba qozondi.

So’ng, konferensiyalar zalida "Paxtakor" jamoasi fojiali halokatining 40 yilligiga bag'ishlangan uchrashuv bo’lib o’tdi.

25-aprel kuni "Roman-german tillari" kafedrasida fransuz, nemis va ispan tillarini ikkinchi xorijiy til sifatida o'quvchi talabalar o'rtasida "Fransuz, nemis va ispan tili bilimdoni" tanlovi o'tkazildi.

26- aprel kuni universitet faollar zalida haftalikning yopilish marosimi o'tkazildi. Universitet o'quv ishlari boʻyicha prorektori M.T.Baqoyev so'zga chiqib, xorijiy tillarni oʻrganishda mana shunday ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarning o'rni beqiyos ekanligini taʼkidladi.

Tashkil etilgan konsert dasturida JIDUning iqtidorli va faol talabalari o'zlarining kuy-qoʻshiqlari bilan tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar, kursdosh do'stlari va professor-o'qituvchilarni xursand qilishdi. Ayniqsa, ispan milliy raqsi "Flamenko", bavarcha va fransuzcha raqs barchaga birdek manzur boʻldi. Konsert so'ngida haftalikni tashkil etish va oʻtkazishda faol ishtirok etgan talabalarga universitet rahbariyati tomonidan faxriy yorliqlar taqdim etildi.