Dunyo madaniyati bilan tanishish, "Oltin odam" va harbiy san'at
21.04.2019 9821
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro munosabatlar fakulteti talabalari Davlat san'at muzeyida tashkil etilgan Qozog'iston xalqining boy madaniy merosiga bag’ishlangan ko'rgazmaga tashrif buyurib, ekspozitsiyalar bilan tanishdilar. Ko'rgazmaning ochilishi Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To'qayevning Toshkentga davlat tashrifi bilan kelishiga bag'ishlangan. Ko'rgazmada qozoq xalqi milliy madaniyatining 130ta betakror va o'ziga xos yodgorliklari namoyish etilgan. San'at mutaxassislari tomonidan "Qozoq Tutankhamoni" deb ataluvchi “Oltin Odam" eksponati ushbu ko’rgazmadagi eng qimmatli va noyob yodgorlik buyumi hisoblanadi. Mazkur arxeologik topilma1969 yilda Olmaota yaqinida topilgan bo’lib, unda Sak hukmdori sulolasining 17-18 yoshlarda bo'lgan yosh jangchisi dafn qilinganligi aks etadi. E’tiborli jihati shundaki, eksponat topilgunga qadar ushbu qabrga mutlaqo hech kim tegmagan ekan. Manbalardagi ma'lumotlarga ko’ra, “unda boshdan oyoqqacha to'rt mingdan ortiq oltinli qizil charmdan qilingan narsalar tikilgan edi”. Issiqtepalikdan topilgan mazkur eksponat mil. avv. VII-III asrlarlarga tegishlidir. Ko’rgazmaga uyushtirilgan tashrif talabalarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, Xalqaro munosabatlar fakulteti talabalari O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Davlat muzeyiga ham tashrif buyurib, o’tmishda mamlakatimiz hududida olib borilgan harbiy faoliyat bilan tanishdilar. Muzey ekskursovodi Hosiat Ne'matillayeva bu yerda taqdim etilayotgan eksponatlar tarixi haqida ma'lumot berdi. Muzeyda talabalar Amir Temur davriga tegishli bo’lgan turli bayroqlar namunalari bilan tanishdilar. Bundan tashqari, muzeyda ikkinchi jahon urushida qatnashgan o'zbek askarlarining taqdiri va qahramonligi haqida ko'p eksponatlar, hujjatlar, arxiv materiallari orqali bilish mumkin.
Darhaqiqat, O'zbekiston muzeylarida dunyoning, Markaziy Osiyoning va mamlakatimiz xalqlarining madaniy merosini o`rganish yo’lida ulkan ishlar olib borimoqda. To'rtinchi kurs talabalarining ushbu ekskursiyalari JIDU "Ijtimoiy-siyosiy fanlar" kafedrasi professori F.I.Muminova tomonidan tashkil etildi.