Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi Oliy diplomatiya maktabi o’z faoliyatini boshladi
19.02.2019 11616
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 21 - iyundagi PQ-3795 sonli “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi Farmoniga binoan Respublika Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Oliy diplomatiya maktabi o‘z faoliyatini boshladi.
Oliy diplomatiya maktabining asosiy maqsadi - O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy faoliyatiga aloqador kadrlarini qisqa va uzoq muddatli malaka oshirish kurslari orqali shartnoma asosida qayta tayyorlash va malakasini oshirishdan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2019 yil 26 – yanvar kuni qabul qilingan 129-sonli Qaroriga muvofiq, Oliy diplomatiya maktabida O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalariga uzoq muddatli ish safariga boruvchi diplomatlar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi. O‘tkazilgan treninglar doirasida tinglovchilar xalqaro iqtisodiyot va menejment, iqtisodiy diplomatiya, raqamli iqtisod, strategik investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro sarmoyaviy salohiyatni o‘rganish bo‘yicha keng qamrovli o‘quv dasturlarini o‘zlashtirdilar. Kurs davomida xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik muammolari, xalqaro huquq va huquqiy siyosat, xalqaro turizm va turistik biznesni rivojlantirish, jahon tarixi va madaniyatiga alohida e‘tibor qaratildi.
O‘quv-treninglar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari I. Ne’matov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili I. Irgashev o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar. Xususan, chuqur tahlilga asoslangan ma’ruzalarda O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan tashqi siyosatning mohiyati va ustuvor yo‘nalishlari, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi sa’y-harakatlari va mamlakatimizning Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish borasidagi tashabbuslari kabi mavzular yoritib berildi.
O‘quv kurslari so‘ngida Oliy diplomatiya maktabi tinglovchilariga sertifikatlar topshirildi.