Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) O’zbekistondagi Kordinatori bilan uchrashuv
06.09.2018 17186
Shu yilning 5 sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) O’zbekistondagi Kordinatori Jon MakGregor bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.
Uchrashuv davomida yuqori martabali mehmon 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida olib borilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va xuquqiy islohotlar bilan tanishtirildi. Shuningdek, YXHT vakili O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish to’g’risida”gi Farmoni ijrosi doirasida Universitetda olib borilayotgan ulkan o’zgarishlar haqida to’liq ma’lumot oldi. Janob Jon MakGregor O’zbekistonda kuzatilayotgan ijobiy jarayonlarni yuqori baholadi va YXHTning Harakatlar strategiyasida belgilangan islohotlarni amalga oshirishda o’z hissani qo’shishga tayyorligini yana bir bor ta’kidladi.
Muzokaralar davomida tomonlar JIDU va YXHTning O’zbekistondagi Koordinator ofisi bilan hamkorlikning kelasi istiqbollarini muhokama qildilar. Janob Jon MakGregor YXHTni JIDU bilan yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini va Universitet bilan tashkilot faoliyatiga bag’ishlangan qo’shma ilmiy loyihalar, davra suhbatlari va konferensiyalar tashkil qilishga tayyorligini bildirdi.
Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga (YXHT) Shimoliy Amerika, Yevropa va Osiyo qit’alariga mansub bo’lgan 57 ta davlat a’zo hisoblanadi. YXHT - mintaqaviy xavfsizlik masalalari bilan shug’ullanadigan dunyodagi eng yirik tashkilotlardan biri hisoblandi.
O’zbekiston 1992 yilning 26 fevral kunidan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ishtirokchisi hisoblanadi. 2006 yil iyun oyida O’zbekiston taklifiga ko’ra Tashkilot Doimiy kengashining O’zbekistonda YXHT loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi tashkil etilishi to’g’risida qarori qabul qilindi. Shu yil iyul oyida O’zbekistonda YXHT loyihalari muvofiqlashtiruvchisi lavozimi tashkil etilishi to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Hukumati va YXHT kotibiyati o’rtasida Memorandum imzolandi. Hamkorlikning ushbu ko’rinishi O’zbekiston tomoni uchun muhim ahamiyatga ega bo’lgan loyihalar va O’zbekiston va Tashkilotning o’zaro ta’sirini kuchaytirishdagi YXHT faoliyatini bir joyga jamlash imkonini berdi.