18.12.2017 15466

2017-yil 15-dekabr kuni universitetimizdagi Konferens-tarjimonlar tayyorlash markazi tomonidan “Madaniyat va uning tarkibiy qismlari tarjima jarayonida” deb nomlangan oltinchi har yilgi Respublika talabalar ilmiy-amaliy konferensiyasi  tashkil etildi. Tadbir universitetimiz rektori doktor Abdumalik Jumanovning nutqi bilan ochildi. O`z nutqida rektorimiz hozirgi zamonda insonlar o`rtasidagi munosbatlar ahamiyati yuqori ekanligini va tarjimonlarning turli madaniyat vakillari o`rtasida do`stona aloqalarni yo`lga qo`yishdagi beqiyos rolini ta’kidlab o`tdi.      

Konferensiyada Toshkentning turli universitetlaridan kelgan talabalar o`z nutqlari bilan ishtirok etishdi. Deyarli barcha ishtirokchilar “Agar sen boshqa millat vakillari bilan tinch va totuv hayot kechirmoqchi bo`lsang, ularning tili va madaniyatini o`rgan”, “Lingvistik xatolarga ko`z yumish mumkin, ammo madaniyatga bog`liq xatolar kechirilishi qiyin (amri mahol)” kabi fikrlarni ilgari surishdi. Bundan tashqari, talabalar o`z nutqlarida turli madaniyat vakillari o`rtasida yuzaga keladigan tushunmovchiliklar va muammolarni yechishda tarjimonlar qo`llaydigan turli xil uslublarni ta’kidlab o`tishdi.

Konferesiyaning so`ngida bo`lib o`tgan savol-javob esa tadbirning eng qiziqarli qismlaridan biri bo`ldi. Ishtirokchilar konferensiya mavzusiga doir masalalarni o`zaro muhokama qilish imkoniyatiga ega bo`lishdi. Ular tarjima jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan madaniy nomutanosibliklarni oldini olish bo`yicha bir qancha o`ziga xos yondashuv va takliflarni ilgari surishdi.

Tadbir Konferens-tarjimonlar tayyorlash markazi direktori Doktor Bahodir Samadov nutqi bilan yakunlandi. O`z nutqida Doktor Samadov Konferens-tarjimonlar tayyorlash markazi talabalari kelajakda turli madaniyat vakillari o`rtasida hamjihatlikni oshirish yo`lida o`z hissalarini qo`shishi va bunda tarjimonlik mahoratlarini ishga solishiga ishonchi komil ekanligini qayd etdi.