22.04.2017 29246

2017 yil 20 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan biri – kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish borasida Toshkent davlat yuridik universiteti va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabalari uchrashuvda videokonferens aloqa yordamida ishtirok etishdi.

Tadbirda prokuratura va Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti mas’ul xodimlari, universitetlarning rahbarlari va o‘qituvchilari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

«O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari» mavzusiga bag‘ishlangan uchrashuvda talabalarga prokuratura organlari va Bosh prokuratura huzuridagi Departament faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi, ular Bosh prokuraturaning Oliy o‘quv kurslari, Murojaatlarni telefon orqali qabul qilish markazi (Call-markaz) va sport majmuasiga tashrif buyurish va faoliyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

Shuningdek, talabalar Bosh prokuraturaning oliy ta’lim muassasalari bilan yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha hamkorligi, prokuratura organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini muvofiqlashtirish borasidagi roli, sudlarda ishlar ko‘rilishida prokuror vakolatlari, Bosh prokuraturaning jinoiy sudlov ish yurituvi borasidagi xalqaro hamkorligi, prokuratura organlarining qonunchilikni targ‘ib qilish va huquqbuzarliklarning profilaktikasi bo‘yicha faoliyati haqida ma’lumotga ega bo‘ldilar.

Tadbir ishtirokchilari bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida yuridik fanlarni o‘qitish tizimi takomillashtirilib, nazariyaning amaliyot bilan uyg‘unligini ta’minlash maqsadida sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tajribali xodimlarini mashg‘ulotlar o‘tkazishga jalb qilish amaliyoti samarali yo‘lga qo‘yilganligini ta’kidladilar.

Uchrashuv yakunida yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlashning yanada samarali mexanizmlarini joriy etish maqsadida Bosh prokuratura, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘rtasida yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.

Uchrashuv davomida talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.