O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari S.P.Tursunmuxamedov va N.Yu.Turayev bilan uchrashuv
24.03.2017 31397
2017 yil 24 mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari S.P.Tursunmuxamedov va N.Yu.Turayev bilan professor-o‘qituvchilar, talabalar, tadqiqotchilar o‘rtasida “Ustozlar ta’limi – hayot muallimi” nomli ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi. Universitet rektori A.A.Djumanov kirish so‘zi bilan uchrashuvni ochib berdi. Rektor kirish so‘zida akademiklarning tarjimai holi va ilmiy faoliyati bilan uchrashuv qatnashchilarini qisqacha tanishtirib o‘tdi hamda ularning ulkan hayotiy tajribasini o‘qituvchilar va talabalar uchun namuna sifatida ko‘rsatdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiki, fizika fanlari doktori, prof. N.Yu.Turayev so‘zga chiqdi hamda yig‘ilganlarga ilmiy izlanishlari davomida erishgan natijalari haqida to‘xtalib, talabalarga o‘z maslahatlarini berdi hamda bugungi kunda akademiklar faoliyatini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Respublikamizda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish tartib-qoidalari, ularga kiritilgan o‘zgarishlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va akademiklar faoliyatiga davlat rahbari darajasida e’tibor qaratilayotganligi to‘g‘risida gapirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiki, falsafa fanlari doktori, prof. S.P.Tursunmuxamedov so‘zga chiqdi va yig‘ilganlarni o‘tgan Navro‘z bayrami bilan tabrikladi hamda respublikamizda ilmiy sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi. O‘zining ulkan hayotiy tajribasi, erishgan muvaffaqiyatlari hamda ilmiy ijodi bilan tanishtirib, bugungi kunda akademiklar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va sharoitlar haqida gapirib o‘tdi. Uchrashuv qatnashchilariga ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish, uning o‘ziga xos qiyinchiliklari va foydali jihatlari hamda bugungi kunda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi professori, siyosiy fanlar doktori Sultanova E’tibor Sidikovna so‘zga chiqib, akademiklarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi hamda talabalar uchun bunday uchrashuvlar juda foydali ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Respublikamizda prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va keng qamrovli islohotlar hamda yoshlarni ilmiy izlanishga jalb qilish borasida qilinayotgan chora-tadbirlar haqida o‘z mulohazalarini bildirdi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi professori, tarix fanlari doktori Farmonov Raxmon Farmonovich so‘zga chiqib, prezidentimizning “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va mazkur qaror ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi. Ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish va bunda tajribali akademiklar hamda professor-o‘qituvchilarning tutgan o‘rni, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etishning amaliy mexanizmlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
So‘ngra ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv ishtirokchilarining savol-javoblari va fikr-mulohazalari tinglandi. Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga akademiklar izchil javob berishdi.