09.07.2023 383

Joriy yilning 8-iyul kuni MDH PA guruhi koordinatori, Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati vitse-spikeri Jakip Asanov boshchiligidagi xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan muddatidan ilgari o‘tkazilayotgan Prezidentlik sayloviga tayyorgarlik jarayonini muhokama qildi. Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari saylov kampaniyasi juda qizg‘in kechayotganini taʼkidladi. “Saylov kampaniyasi fuqarolarning siyosiy faolligi, saylovoldi dasturlarini muhokama qilishga qiziqish ortganligini ko‘rsatdi”. Uning fikricha, O‘zbekistonda saylov jarayonlari yangi bosqichga ko‘tarilgan. “MDH PAdagi hamkasblarimizning aniq, chuqur o‘ylangan baholari biz uchun juda muhim”, – dedi Sodiq Safoyev.

Muloqot chog‘ida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha to‘xtalib, parlament va mahalliy Kengashlarning roli, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqligi hamda hisobdorligi ortib borayotganini, iqtisodiyot liberallashayotganini, shu jumladan, kichik biznes subyektlari ulushi 4 baravar ko‘payganini, ishlab chiqarish diversifikatsiya qilinayotganini, MDH davlatlaridan va boshqa mamlakatlardan investitsiyalar salmog‘i bir necha bor ortgani taʼkidlandi.

Kuzatuvchilar muddatidan ilgari tashkil etilayotgan Prezident saylovini muvaffaqiyatli o‘tkazib olishni tilab, O‘zbekistonda saylov jarayonlari yuqori saviyada tashkil etilganini qayd etdi.