09.07.2023 451

Joriy yilning 8-iyul kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida 2023-yilgi prezidentlik saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etayotgan Belgiyaning “Diplomatic World” jurnali bosh direktori Barbara Ditrix va mazkur nashrning loyiha rahbari Alberto Turkstra bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda JIDUdan Xalqaro munosabatlar kafedrasi mudiri Ulug‘bek Xasanov hamda OAV va nashriyot bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Xasanovlar ishtirok etdi.

Mehmonlar mamlakatimizdagi joriy saylov kampaniyasiga tayyorgarlik va uning borishi haqida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar, shuningdek, keng ko‘lamli islohotlar, jamiyatimizning o‘zgaruvchan roli va siyosiy faolligini, mintaqaviy va xalqaro jarayonlardagi respublikaning nufuzini, ochiqlik siyosati va hozirgi xalqaro munosabatlarning bir qator hayotiy masalalari bo‘yicha davlatning konstruktiv pozitsiyasini yuqori baholadilar.

Mehmonlarga akademik va ilmiy ishlanmalarning ustuvor yo‘nalishlari, universitetning ilmiy salohiyatini oshirish darajasi va mohiyati, jahonning yetakchi tahliliy-ta’lim markazlari va muassasalari bilan hamkorlik bazasini kengaytirish haqida ma’lumot berildi.

O‘z navbatida “Diplomatik world” vakillari o‘z xalqaro nashrlarining o‘ziga xos xususiyatlari, joriy prezidentlik saylovlari bo‘yicha materiallarni o‘z jurnallari sahifalarida tayyorlash rejalari haqida so‘zlab berdilar, JIDU “Xalqaro munosabatlar” ilmiy jurnali bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdilar hamda uchrashuv va foydali fikr almashish uchun minnatdorchilik bildirdi.