Sodiq Safoyev O‘zbekistonda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etayotgan Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi bilan uchrashuv o‘tkazdi
08.07.2023 290
Joriy yilning 7-iyul kuni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi, “White&Case” huquq firmasi hamkori Kerolin Lemm bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida Kerolin Lemm O‘zbekistonga oldin ham kelganini va so‘nggi yillarda mamlakatda katta o‘zgarishlar yuz berganiga guvoh bo‘lganini taʼkidladi. Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatlarini yuqori baholadi.
O‘z navbatida, Sodiq Safoyev yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiya normalarini insonlar hayotida to‘liq aks ettirish borasida atroflicha ishlar olib borilayotgani, davlat rahbarining tashabbusi bilan ijtimoiy taʼminot sohasida chuqur va puxta o‘ylangan siyosat amalda bo‘layotganiga alohida urg‘u berdi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz korxonalari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma kooperatsiya loyihalarini ilgari surish yuzasidan fikr almashildi.
Kerolin Lemm muddatidan ilgari Prezident saylovida ovoz berish jarayoni ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida tashkil etilishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.