Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Gulnoza Ismailova Lund universitetiga tashrif buyurdi
01.06.2023 699
Joriy yilning 23-31-may kunlari JIDU prorektori Gulnoza Ismailova Lund universiteti(https://www.lunduniversity.lu.se/)ga tashrif buyurdi. Safarning asosiy maqsadi Erasmus+ dasturi doirasida Lund universiteti bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ikki universitet oʻrtasidagi Hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumni amalga oshirish, talabalar, oʻqituvchilar va moddiy-texnik maʼlumotlarini almashish dasturini yo‘lga qo‘yishdan iborat.
(Shvetsiya janubidagi Lund shahrida joylashgan universitet 1666-yilda tashkil etilgan boʻlib, dunyodagi eng qadimiy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Ushbu ta'lim muassasasida 9ta fakultet hamda bir qancha fanlararo ilmiy-tadqiqot institutlari, markazlar mavjud.
Lund universiteti QS Ranking ma’lumotlariga ko‘ra, (https://www.topuniversities.com/universities/lund-university) dunyoning TOP-100 (95-o‘rin) universitetlari qatoriga kiradi.
23-may kuni Lund universitetining “Huquq sotsiologiyasi” kafedrasi tomonidan “Central Asian Law: Legal Cultures and business environment in Central Asia” loyihasining xorijlik tadqiqotchilari uchun seminar tashkil etildi. Unda O‘zbekistonda integratsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, jamiyat hayotining barcha jabhalarini bosqichma-bosqich liberallashtirish, kuchli davlat barpo etishning huquqiy va demokratik asoslarini yaratish yo‘lida yaqinda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati tushuntirildi.
“Central Asian Law: Legal Cultures and business environment in Central Asia” loyihasi Yevropaning 6ta universiteti va Markaziy Osiyoning 6 nafar hamkori o‘rtasidagi hamkorlikni o‘z ichiga oladi va quyidagi masalalarni hal etishga qaratilgan: G‘arbdagi bozor munosabatlarini tartibga soluvchi qonun va qoidalar kundalik hayot va ijtimoiy munosabatlar norasmiy amaliyot va bitimlar atrofida aylanib yuradigan Markaziy Osiyo mintaqasiga ham taalluqli bo‘la oladimi? Qanday qilib milliy va xalqaro qonunlar, meyorlar va (yozma va yozilmagan) qoidalar Markaziy Osiyoning beshta postsovet respublikalarida biznes muhitiga o'zaro ta’sir qiladi va shakllantiradi?
Shuningdek, G.Ismoilova Lund Universiteti talabalari uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv jarayoni va uni tashkil etish, universitetning tuzilmasi va moddiy-texnik bazasi bilan yaqindan tanishdi.
G.Ismoilova safarining so‘nggi kunlarida Lund va Malmyo shaharlarida o‘qiyotgan, ishlayotgan va istiqomat qilayotgan hamyurtlarimiz bilan uchrashdi. Prorektor, MSK aʼzosi sifatida, boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Tadbirda ishtirok etgan yurtdoshlarimiz Prezident saylovida o‘z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib, munosib nomzodga ovoz berishlarini ta’kidladilar.