27.04.2023 1038

Joriy yilning 27-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida zamonaviy Ozarbayjon davlati asoschisi, atoqli siyosiy va davlat arbobi Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan tantanali anjuman o‘tkazildi.

Tadbirda Ozarbayjonning O‘zbekistondagi Elchixonasi xodimlari, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi a’zolari, taniqli san’atkorlar, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakillari, xorijiy davlatlar diplomatik idoralari rahbarlari, shuningdek, universitet rahbariyati va talabalari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori S.Safoyev qutlov so‘zi bilan ochib berdi.

Tantanali tadbirda Ozarbayjonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi G.Guliyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili I.Irgashev, shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Milliy majlisi deputatlari va boshqalar so‘zga chiqdi.

So‘zga chiqqanlar mamlakatlarimiz tarixi va madaniyati jihatidan bir-biri bilan chambarchas bog‘liq ekanini ta’kidlab, Ozarbayjonga rahbarlik qilgan davrda Haydar Aliyev O‘zbekiston bilan munosabatlarga alohida e’tibor qaratganini ta’kidladilar.

O‘zbekistonda uning shaxsiga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatilayotgani, bu uning siyosiy merosi keng o‘rganilayotgani, Toshkent shahridagi ozarbayjonlar ixcham yashaydigan ko‘chaga uning nomi berilgani, uning sharafiga ajoyib maydon-park barpo etilgani shundan dalolat beradi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev yangilangan Haydar Aliyev ko‘chasining ochilish marosimidagi ishtiroki davomida Haydar Aliyevning ezgu xotirasini asrab-avaylash borasida koʻrsatilayotgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun davlatimiz rahbari va Oʻzbekiston xalqiga minnatdorlik bildirgan edi.

Zero, dunyoda tili, urf-odatlari, madaniyati, hatto tashqi ko‘rinishidan bir-biriga o‘xshab ketadigan millat va elatlar ko‘p. O‘zbek va ozarbayjon xalqlarini ana shunday xalqlar qatoriga bemalol qo‘sha olamiz. Har ikki millat vakillari bir-birini tarjimasiz tushuna oladi. Turmush tarzimiz, an’ana va urf-odatlarimiz, xalq og‘zaki ijodi va yozma adabiyotda mushtarak jihatlarni ko‘plab uchratish mumkin.