23.04.2023 802

Stokgolm shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Shvetsiya parlamenti aʼzolari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Shvetsiya parlamenti Spikerining birinchi oʻrinbosari Kennet Forslund va Shvetsiya parlamenti rahbarining oʻrinbosari K.Lundgren hamda Tashqi ishlar, Konstitutsiyaviy masalalar va YEXHT bilan hamkorlik qoʻmitalari aʼzolari ishtirokida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Sodiq Safoyev shvetsiyalik vakillarni mamlakatda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar bilan tanishtirib oʻtdi. 

Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgartishlarda, avvalo inson huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish, ijtimoiy himoya va iqtisodiy farovonlik kafolatlari asosiy qonun darajasida mustahkamlanayotgani hamda parlamentning sud va nazorat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kuchaytirilayotganligini aytib oʻtdi. 

Shu bilan birga, muloqot chogʻida Oʻzbekiston–Shvetsiya parlamentlararo hamkorligining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Oʻz navbatda, Shvetsiya tomoni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, tashqi siyosat sohasida olib borilayotgan oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi.