19.04.2023 942

Joriy yilning 18-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” asarlar majmuasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni O‘zbek va rus tillari kafedrasi mudiri M. Abduraxmanova kirish nutqi bilan ochib berdi. Jumladan, u ushbu ajoyib to‘plam O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-oktabrda Ozarbayjonning Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Hamkorlik Kengashining yettinchi sammitidagi tashkilotga a’zo davlatlar adabiyotlarining eng yaxshi namunalaridan iborat majmua yaratish tashabbusining hosili ekanligini ta’kidladi. Talabalarni ushbu ma’naviyat sarchashmalaridan bahramand bo‘lishga chorladi.

Navbatdagi notiq filologiya fanlari nomzodi, dotsent Shoira Normatova “Turkiy adabiyot durdonalari” asarlar majmuasining mazmun mundarijasi, yaratilish jarayoni, tarjima va tarjimonlari haqida so‘zladi. Jumladan, to‘plamning tuzilishiga alohida to‘xtalib, uning 28 ta jildi o‘zbek adabiyoti namunalariga ajratilganligini qayd etdi. Shuningdek, majmuadan joy olgan turk, qirg‘iz, qozoq, ozarbayjon va kuzatuvchi maqomidagi turkman va venger adabiyotining eng sara asarlari xususida ma’lumot berdi.

Ma’ruzachilarning chiqishlaridan so‘ng talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar, shuningdek, ushbu to‘plamga kirgan, ularga tanish bo‘lgan adabiyot durdonlari xususidagi fikr-mulohazalarini bayon qildilar.

Tadbir do‘stona, samimiy va iliq muhitda o‘tdi.  

“Turkiy adabiyot durdonalari” kabi noyob va boy adabiy majmuaning dunyoga kelishi yoshlar qalbida badiiy adabiyotga muhabbat, so‘z sehriga shaydolik tuyg‘ularini uyg‘otish, xususan, qardosh xalqlar adabiyoti namunalari bilan yaqindan tanishtirish va shu orqali xalqlarni yaqinlashtirishda muhim ahamiyatga ega.

Tadbirda professor-o‘qituvchilari hamda 100 ga yaqin talabalar ishtirok etdilar.