“O‘zbekistonda Konstitutsiyaviy islohotlarning xalqaro vektori” mavzusida davra suhbati tashkil etildi
14.04.2023 1055
Joriy yilning 14-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) tomonidan “O‘zbekistonda Konstitutsiyaviy islohotlarning xalqaro vektori” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Tashqi ishlar vazirligi rahbarlari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiyalar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va mas’ul xodimlari, mamlakatimizning yetakchi tahlil va tadqiqot markazlari, milliy ommaviy axborot vositalari, JIDU professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Tadbirda IXTI tadqiqotchilari shuningdek, Global tadqiqotlar instituti prezidenti, elchi A.Sajanxar (Hindiston), Xavfsizlik siyosati va taraqqiyot instituti direktori S.Kornell (Shvetsiya), Janubiy Osiyo va xalqaro tadqiqotlar markazi ijrochi direktori M.Ul Hasan Xon (Pokiston), “Specht & Partner Rechtsanwalt GmbH” yuridik firmasi asoschisi L. Shpext (Avstriya) va Glazgo va Parij 1 (“Sorbon Pantheon”) universitetlari xalqaro huquq professori K. J. Temza o‘z taqdimotlari bilan chiqish qilishdi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori S. Safoyev o‘z kirish so‘zida O‘zbekistonni rivojlantirishning dasturiy bosqichlari, modernizatsiya jarayoni hozirgi bosqichining o‘ziga xos xususiyatlari va mamlakatimiz taraqqiyoti paradigmasiga to‘xtalib, ushbu hodisalarning yangilangan Konstitutsiya loyihasida qay darajada aks ettirilganiga urg‘u berib o‘tdi. Shuningdek, senator qayd etib o‘tdiki, mamlakatimizning bugungi kundagi faol va konstruktiv tashqi siyosati va Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro samarali hamkorligi O‘zbekistonni mintaqamizning qudratli davlatiga aylantirdi. Mamlakatimizning Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq kabi qo‘shni mintaqa davlatlar bilan o‘zaro muvaffaqiyatli hamkorlik olib borayotgani muhim o‘rin egallashi ta’kidlandi.
Ma’ruzalar va muhokamalar davomida mazkur Konstitutsiyaviy islohot nazarda tutayotgan tashqi siyosat yo‘nalishidagi strategik xususiyatga ega bo‘lgan bir qancha maqsadlar borligi ta’kidlandi. Birinchidan, bu islohot, 2016-yilning ikkinchi yarmidan buyon amalga oshirib kelinayotgan va mamlakatning mintaqaviy va xalqaro taraqqiyotida katta yutuqqa erishish imkonini bergan O‘zbekistonning yangi tashqi siyosat modelini mustahkamlashga qaratilgan. Ikkinchidan, hozirgi kunda xalqaro huquq va xalqaro munosabatlar tizimi inqirozi kuchayib borayotgan bir sharoitda O‘zbekiston mintaqaviy qudratli davlat sifatida o‘z tashqi siyosatining tizim yaratuvchi tamoyillarini ushbu konstitutsiyaviy islohot orqali jahon hamjamiyatiga namoyon etishi lozim. Uchinchidan, konstitutsiyada mustahkamlangan tomoyillar O‘zbekiston qaysi tashqi siyosat modeli asosida o‘z ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar dinamikasini qo‘llab-quvvatlashi uchun ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni yo‘lga qo‘yishini o‘zida yaqqol aks ettirgan.
O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi kelajakda mamlakatimizning jadal rivojlanishini ta’minlashi aytib o’tildi. Shu bilan birga, mamlakatimiz boshqaruv tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati, ixcham va ayni paytda yuqori sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatishning muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, ekspertlar konstitutsiyaviy islohot xorijiy sarmoyani jalb qilish uchun yanada qulay shart-sharoit yaratayotganiga alohida urg’u berishdi. Yangi Konstitutsiya qonun va sudlar qatorida O‘zbekistonda mulk va sarmoyaning eng muhim himoyachisi bo‘ladi. Hozirda, bu yo‘nalishda mamlakatimizda xalqaro tijorat sudini tashkil etish yuzasidan amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
So‘zga chiqqanlar Konstitutsiyaviy islohotni mintaqa mamlakatlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan yangi “ijtimoiy shartnoma” sifatida ko‘rish mumkinligiga ishonch bildirishdi. Bundan tashqari, Yevropada kuzatilgani kabi xavfsizlik hamjamiyatlarini tuzishga qaratilgan tendentsiyalar kuchayishi Markaziy Osiyo mintaqaviy subyektini shakllantiradi.
Mazkur Konstitutsiyaviy islohot O‘zbekistonning davlat va jamiyat boshqaruvi modelini Islom an’analari, liberal demokratiya va dunyoviylik uyg‘unligining o‘ziga xos namunasiga aylantirishi haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, bugungi kunning global muammolari, jumladan, iqlim o‘zgarishi, suv va boshqa tabiiy resurslarning kamayishi jiddiy muammoga aylanib borayotgani va bu holat butun insoniyatning birgalikdagi sa’y-harakatlarini talab etishi alohida ta’kidlandi.
Davra suhbati yakunlari sarhisob qilinar ekan, ishtirokchilar Konstitutsiyaviy islohot O‘zbekistonning barcha davlatlar bilan munosabatlarida ochiqlik, pragmatizm, shuningdek, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan zamonaviy tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini o‘zida mujassamlashtirganini qayd etdilar.