13.04.2023 812

2023-yilning 12-aprel kuni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev YeXHT DIIHBning O‘zbekistondagi referendumni kuzatish bo‘yicha missiyasi  rahbari, elchi Albert Yonsson bilan uchrashdi.

Uchrashuvda xorij tomoniga Konstitutsiyaviy islohotlar, shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar berildi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi yetakchi xalqaro tashkilotlar, jumladan, YeXHT DIIHBning va Venetsiya komissiyasining fikr va tavsiyalarini inobatga olgan holda tayyorlangani qayd etildi. 

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi chog‘ida 220 mingdan ortiq taklif kelib tushgani, ularning har to‘rtinchisi loyihada o‘z aksini topgani alohida ta’kidlandi.

Muloqot davomida YeXHT DIIHB bilan o‘zaro hamkorlik istiqbollari, jumladan qonun ijodkorligi jarayonini takomillashtirish va milliy saylov tizimini yanada modernizatsiya qilish sohasida aloqalarni kengaytirish fikr almashildi.

O‘z navbatida, xorijiy tomon mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni ilgari surishda hamkorlikni yanada rivojlantirishga har tomonlama hissa qo‘shishga tayyorligini ta’kidladi. 

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar tizimli muloqotni va hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.