11.04.2023 885

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Zamonaviy xalqaro sharoitlarda tashqi iqtisodiy faoliyatdagi yangi chaqiriqlar” taʼlim dasturi bo‘yicha o‘quvlar boshlandi.

Dasturning ochilish qismida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev maʼruza bilan ishtirok etdi.

Ushbu taʼlim dasturi Executive Education (Oliy boshqaruv va biznes) fakultetida JIDU tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Dastur ishtirokchilarning sanksiyalar tizimi tamoyillari, shu yo‘nalishdagi qonunchilik asoslari va amaliyotdagi sanksiyalar tizimining tamoyillarini chuqur tushunishiga qaratilgan. Xususan, dastur doirasida sanksiyalar konsepsiyasi; АQSh, YI va Buyuk Britaniyaning shu sohadagi qonunchiligi, ikkilamchi sanksiyalar (eksport nazorati/moliya sektori va biznesga taʼsiri), xalqaro huquq doirasida sanksiyalarni qo‘llash chegaralari, xalqaro arbitrajda ishlarni ko‘rib chiqish amaliyoti yoritiladi.

 Dastur banklarning yuridik bo‘limlari, yirik aksiyadorlik jamiyatlari va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida faoliyat olib boradigan boshqa tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislari uchun mo‘ljallangan.

O‘quvlarni Glazgo universiteti professori Kristian Tams, Oksford universiteti professori Аntonios Sanakopulos va ekspert Eleni Metimaki olib boryapti. Ular xalqaro akademik va ekspertlar hamjamiyatida yaxshi tanilgan, dunyoning yetakchi universitetlarida shu kabi dasturlarni oʼtkazish boʼyicha katta tajribaga ega va alohida davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar uchun xalqaro huquq sohasida maslahatchi sifatida faoliyat yuritgan.

Darslar O‘zbekiston tajribasidan kelib chiqqan holda xalqaro amaliyotdan misollar (keyslar) asosida interfaol seminar va munozaralar shaklida o‘tkaziladi.

Dastur yakunida ishtirokchilarga xalqaro sertifikatlar topshiriladi.