18.03.2023 1618

Joriy yilning 17-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning uchinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini, shu jumladan, parlamentlararo hamkorlikning keyingi ustuvor yo‘nalishini, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishda parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan foydalanish masalalarini muhokama qildi.

Komissiyaning O‘zbekiston tomonidan hamrais, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori S.Safoyev davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangan munosabatlarni mustahkamlash hamda kengaytirishga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilinganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 26-27-yanvar kunlari Qirg‘iziston Respublikasiga qilgan davlat tashrifi natijalarining tarixiy ahamiyatiga, uning doirasida O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasi masalalarini hal etish bo‘yicha muhim ikki tomonlama kelishuvlar imzolanganiga alohida urg‘u berdi.

Tomonlar O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasini delimitatsiya qilish jarayonining yakunlanishi ikki mamlakat barqarorligi, xavfsizligini mustahkamlashga va birgalikda ravnaq topishiga xizmat qilishiga qat’iy ishonch bildirdi.

Hamraislar tashqi siyosiy idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni davom ettirish va ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy muammolar bo‘yicha muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish muhimligini yana bir bor tasdiqladi.

Tomonlar mazkur Komissiya doirasidagi parlamentlararo hamkorlikning, shuningdek, parlament delegatsiyalari va ikki mamlakat parlamentlari do‘stlik guruhlarining o‘zaro tashriflarini qayd etdi.

Qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish amaliyotini o‘rganish, shuningdek qonun ijodkorligi faoliyati, parlamentlarning nazorat va vakillik funksiyalarini amalga oshirish tajribasini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi parlamentlari o‘rtasida doimiy aloqalarni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Tomonlar davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ustuvor ahamiyat kasb etishini qayd etib, o‘zaro savdo hajmini izchil oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, ikki mamlakat tadbirkorlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyor ekanligini tasdiqladi.

Shu nuqtai nazardan, tomonlar yuksak darajada erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirishda ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiya muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.

Shuningdek, Komissiya majlisida o‘ziga xos format –  Ikki davlat chegara hududlari rahbarlari kengashi nuqtai nazaridan mintaqalararo hamkorlik istiqbollariga batafsil to‘xtalib o‘tildi.

Tomonlar chegaradosh hududlarning mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash, xalq diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan hamkor tadbirlarni o‘tkazish muhimligini qayd etdi.

Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, sport, madaniyat va san’at sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalari alohida muhokama qilindi.

Tomonlar bugungi muzokaralar turli darajalarda erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirishga xizmat qilishini, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Majlis yakunida tomonlar o‘zaro kelishuv asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha Parlamentlararo komissiyaning to‘rtinchi majlisi muddatlari xususida kelishuvga erishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati