“Jaholatga qarshi maʼrifat” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi
06.03.2023 987
Joriy yilning 3-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Jaholatga qarshi maʼrifat” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Uchrashuvda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita mutaxassisi O.Shukuriddinbekov ishtirok etdi.
Tadbirni JIDU Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Odil Yusufjonov ochib berdi hamda jaholatga qarshi kurashda jamiyatda taʼlimning oʻrni haqida fikr bildirildi.
Prorektor oʻz nutqida: “Vatandoshlarimiz, hamshaharlarimizning internet tarmogʻi orqali notoʻgʻri oqimlarga bilib-bilmay ergashib qolishlari va jinoyat koʻchasiga kirib qolganliklarini eshitishdanda ogʻirroq his yoʻqdir. Bunda taʼsirlanmagan va qaygʻurmagan hech kim boʻlmaydi. Biz bunday voqealarning guvohi boʻlganimizda har birini oʻzimizda yashab oʻtamiz. Bunga faqat bitta shaxs yoki rahbar emas, balki butun jamiyat masʼul”, - deya ta’kidladi.
Radikalizm butun dunyoga xavf solmoqda, bizni ham cheklab oʻtmaydi. Bu oʻrinda bilimga chanqoq yoshlarni turli xil yot gʻoyalardan himoya qilish muhim masalalardan biri.
Tadbirda yoshlarning tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratish, ularni yot gʻoyalar toʻriga ilinmasliklari uchun tushuntirish ishlari olib borish, diniy aqidaparastlik, ekstrimizm va radikalizmning ayanchli oqibatlari haqida maʼlumot berildi.
Davra suhbati soʻnggida kichik videofilm namoyish etilib, Mehr operatsiyalari orqali vatanga qaytarilgan yurtdoshlarimiz oʻz boshidan kechirgan qiyinchilikari toʻgʻrisida yigʻilganlarga soʻzlab berdi. Bu esa ishtirokchilarni ikki karra sergak torttirib, farzandlarga jiddiy eʼtibor qaratilishiga sabab boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.