11.02.2023 673

Sloveniya Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari − Tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekiston Respublikasiga 3 kunlik tashrifi doirasida bugun 9-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tashrif buyurdi.

Tashrif O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi fan, madaniy-gumanitar va oliy ta’lim sohalaridagi hamkorlikka oid masalalar muhokama qilishga oid ikki tomonlama muzokaralar bilan boshlandi. Muhokamalarda asosiy e’tibor ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar bo‘ldi. Tomonlar O‘zbekiston bilan Sloveniya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha yaqinda erishilgan kelishuvlarni yuqori baholadilar.

Ta’lim sohasidagi hamkorlik yuzasidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun bir qancha almashinuv dasturlarini xususan, Mariboru universiteti orqali yo‘lga qo‘yish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Tanya Fayon O‘zbekistonga ilk bor tashrif buyurayotganini ta’kidlab, kelgusidagi tashriflar va hamkorlik yanada chuqurroq bo‘lishiga umid bildirdi.

“Oʻzbekistonga birinchi marta tashrif buyuryapman. Kelishimdan asosiy maqsadlardan biri talabalar almashinuv dasturini yo'lga qoʻyish”, - deydi Tanya Fayon. 

“Shubhasiz, bunda talabalar nafaqat bilimlar bilan balki qadryatlar bilan almashishadi. Bu oʻzaro ishonchi qurishga yordam beradi”, - deydi Sodiq Safoyev.

Soʻng Sloveniya TIV rahbari  va JIDU talabalari uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bunda Tanya Fayon O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, Sloveniyaning xalqaro maydondagi asosiy yo‘nalishlari, oʻz faoliyati haqida qisqacha nutq so'zladi. Shundan so'ng, so‘z JIDU talabalariga berildi va ular Sloveniya Bosh vaziri o‘rinbosari bilan suhbatlashish va o‘zlarini qiziqtirgan savollarini berish imkoniga ega bo‘ldilar. 

Savollarga javob berilgach, uchrashuv yakuniga yetdi va Tanya Fayon va Sodiq Safoyev ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga umid bildirdi.