Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyaning birinchi tinglovchilariga sertifikatlar topshirish marosimi o‘tkazildi
28.12.2022 1385
Joriy yilning 27-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyaning birinchi tinglovchilariga sertifikatlar topshirish marosimi o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya direktori Sodiq Safoyev hamda akademiyaning professor-o‘qituvchilari jamoasi ishtirok etdi. Akademiya direktori o‘z nutqi davomida O‘zbekiston tarixidagi birinchi Diplomatik akademiyaning ilk qaldirg‘ochlarini o‘quv kurslarni muvaffaqiyatli tamomlaganliklari bilan tabriklab, ularning kelgusi faoliyatlarida ulkan zafarlar tiladi.
Ma’lumot uchun: Joriy yilning 1-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining diplomatik kadrlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va zaxirasini yaratish tizimini tubdan takomillashtirishni nazarda tutuvchi “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tizimli isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2022-yil 23-iyuldagi PQ-330-sonli qarori asosida tashkil etilgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya oʻz faoliyatini boshladi.
Qisqa vaqt ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, Diplomatik akademiya Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining faol koʻmagi va yordamida koʻplab tayyorgarlik ishlarini amalga oshirishga muvaffaq boʻldi. Oliy diplomatik taʼlimning yangi tuzilmasi, professor-oʻqituvchilar tarkibi shakllantirish va moddiy-texnika bazasi boʻyicha keng koʻlamli ishlar boshlandi. Bugungi kunga kelib, Akademiyaning nizomi ishlab chiqildi va tasdiqlandi, shtat jadvali tasdiqlandi, birinchi tinglovchilar uchun oʻquv rejalari va oʻquv dasturlari, shuningdek, Akademiya tinglovchilarining tayyorgarligini baholash tizimi ishlab chiqildi.
2022-yil 11-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakillari tomonidan “Diplomatik protokol va xalqaro muzokaralar” kursi muvaffaqiyatli yakunlandi.
2022-yil 26-dekabr kuni zaxiradagi diplomatlarni tizimli tayyorlash boʻyicha “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosati va tashqi iqtisodiy faoliyati” kursi Tashqi ishlar, Mudofaa vazirliklari va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatalaridan tashkil topgan birinchi tinglovchilar guruhi tomonidan ham muvaffaqiyatli yakunlandi.