07.12.2022 1039

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) va Luiss universiteti (Italiya) o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Hujjatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Safoyev S.S. va Luiss universiteti rektori professor A.Prensipe imzo chekdilar. Marosimda ikki davlatning Favqulodda va Muxtor Elchilari O.Akbarov va A.Pinna ham ishtirok etishdi.

Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari qatoriga Executive Education (oliy boshqaruv ta’limi) formatidagi dasturlar, boshqaruv va biznes bo‘yicha magistrlik dasturlarni birgalikda ishlab chiqish, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun almashuv dasturlari, ilmiy hamkorlik  hamda o‘quv materiallari almashuvi, boshqa ta’lim dasturlari kiradi.

Ikki universitet hamkorlik sohasida muvaffaqiyatli tajribaga ega. 2022-yil noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi va JIDUning qo‘shma pilot loyihasi doirasida JIDUning Executive Education fakulteti Luiss biznes maktabi bilan birgalikda “Zamonaviy sanoat siyosati” ta’lim dasturini o‘tkazdi.

Barqaror rivojlanishni boshqarish va raqobat strategiyalari sohasida xalqaro miqyosda tan olingan mutaxassis, Luiss biznes maktabining Iqtisodiyot fakulteti professori Matteo Juliano Karoli dasturni olib bordi. U Luiss biznes maktabining amaliy tadqiqotlar markazini boshqaradi va nufuzli halqaro nashrlarda ko‘plab maqolalar muallifi.

Dasturda O‘zbekiston vazirliklari va davlat muassasalarining, shahar va tumanlarining rahbarlari, yirik davlat va xususiy kompaniyalarning top-menejerlari ishtirok etdi.

Dastur jarayonida an’anaviy va zamonaviy sanoat siyosatlari, rejalashtirish usullari, barqaror sanoat rivojlantirish yo‘llari, sanoat siyosatini olib borishda xavflarni oldini olish masalalari ko‘rib chiqiladi. Bunda Yevropa ittifoqi sanoat siyosati, Italiya sanoatining tiklanishi, Yaponiya, Singapur sanoat siyosatlari va boshqa xalqaro tajriba o‘rganildi.

Germaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi doktor Tilo Klinner ishtirokchilarni o‘z mamlakatining innovatsion ishlab chiqarish klasterlarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tajribasi bilan atroflicha tanishtirdi.

O‘quv jarayoni amaliyotdan misollar (keyslar) asosida interfaol seminarlar va munozaralar shaklida o‘tkaziladi. Dastur yakunida ishtirokchilarga xalqaro sertifikatlar topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21-sentabr kuni USAID LRP hamkorlik dasturi ko‘magida JIDU vakillarining Luiss-Libera shahriga tashrifi tashkil etilgan bo‘lib, unda o‘zaro anglashuv memorandumi tafsilotlari kelishib olingan edi.