01.10.2022 1416

Joriy yilning 27-29-sentabr kunlari Hindiston Respublikasining Nyu-Dehli shahrida “Hindiston va Markaziy Osiyo: muammolar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Anjumanga Hindistonning nufuzli Policy Perspectives Foundation (PPF) tahlil markazi mezbonlik qildi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Hindiston vakillari ishtirok etdi. Anjumanda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti nomidan “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi mudiri Ulug‘bek Xasanov va kafedra tayanch doktoranti Islomxon Gafarovlar ishtirok etishdi.

Anjuman iqtisodiy hamkorlik, Markaziy va Janubiy Osiyo integratsiyasi, mintaqalararo xavfsizlik va barqarorlik masalalari, Eron-Hindiston-Markaziy Osiyo hamkorlik formati kabi dolzarb masalalarga bag‘ishlandi. Shuningdek, O‘zbekiston-Hindiston munosabatlarining ahamiyati, Afg‘onistondagi barqarorlikni ta’minlash masalalari, ekologik muammolar, “yumshoq kuch”ning ta’siri va TransAfg‘on temir yo‘li qurilishi muhokama qilindi. JIDU “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi mudiri Ulug‘bek Xasanov va kafedra tayanch doktoranti Islomxon Gafarovlar so‘zga chiqdilar. U.Xasanovning ma’ruzasi Markaziy Osiyo davlatlari va qo‘shni mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi modellariga qaratildi. Bundan tashqari, u ishtirokchilar e’tiborini Transafg‘on yo‘lagining afzalliklari va O‘zbekiston-Hindiston munosabatlarini turli sohalarda rivojlantirish imkoniyatlariga qaratdi. O‘z navbatida, I.Gaforovning nutqi asosan Markaziy Osiyo mintaqasida so‘nggi besh yil davomida amalga oshirilgan ijobiy tashqi siyosiy islohotlariga qaratildi.