Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Yevropa axborot akademiyasi bilan hamkorlikda “Xalqaro aloqalar va mamlakatning dunyoda imidjini ko‘tarish” mavzusidagi o‘quv dasturni boshladi
07.09.2022 1424
Axborot oqimlarining globallashuvi, yangi aloqa formatlarining faol rivojlanishi va yangi media-platformalarning tez-tez paydo bo‘lish sharoitida strategik va tezkor kommunikasiyalarni amalga oshirish va ularni ahamiyatini baholash mushkul masalalardan biri hisoblanadi. Raqobatbardosh va dolzarb mazmunli materiallarni yaratishda tizimli yondashuvni yo‘lga qo‘yish har qachongidan ham muhim ahamiyatga egadir.
Joriy yilning 6-8 sentyabr' kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Yevropa axborot akademiyasi bilan hamkorlikda “Xalqaro kommunikasiyalar va mamlakatning dunyoda imidjini ko‘tarish” mavzusidagi ta'lim dasturi o‘tmoqda.
Dastur “PR” va jamoatchilik bilan aloqalar, strategik rejalashtirish, tashqi iqtisodiy va xalqaro hamkorlik yunalishlarida faoliyat yuritadigan rahbarlar va vakillar uchun mo‘ljallangan.
Dasturni olib borish uchun ommaviy axborot vositalari bo‘yicha xalqaro miqyosda tan olingan ekspert, Bi-Bi-Si korporatsiyasi tijorat vakolatxonasi rahbari Sergey Stanovkin taklif qilingan.
Dasturning asosiy mavzulari quyidagilardan iborat: jamoatchilik bilan aloqalar tizimini tashkil yetish, xalqaro kommunikasiyalarni muvofiqlashtirish, inqirozli aloqa tizimini tashkil etish, voqea-hodisalarga tez va maqbul munosabat bildirish, soxta yangiliklar, media platformalar tahlili, material yaratish, shaxsiy xosligini aniqlash, milliy va korporativ brendlarning bog‘liqligi masalalari, maxsus kommunikasiya loyihalari, shaxsiy muloqot qobiliyatlari, o‘rganish kerak bo‘lgan xatolar, muvaffaqiyatga erishish bo‘yicha tarixiy tafsilotlar.
Dastur doirasida xalqaro kommunikasiyalar va axborot texnologiyalari sohasida ilg‘or jahon tajribasini o‘rganish, zamonaviy kommunikasiya vositalari, axborotni tahlil qilish ko‘nikmalari va aloqa kampaniyalarini tayyorlash va olingan ma'lumotlar asosida ishtirokchilarning ish rejalarini muvofiqlashtirish va muhokama qilish bo‘yicha amaliy ishlar rejalashtirilgan.
O‘quv jarayoni xalqaro amaliyotdan misollar (keyslar) asosida va O‘zbekiston sharoitiga moslashgan holda interfaol seminarlar shaklida o‘tkaziladi.
Dasturni tamomlagandan so‘ng ishtirokchilarga xalqaro sertifikatlar taqdim etiladi.