06.08.2022 2556

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021-yil 10-fevralda qabul qilingan qonunga muvofiq,  mamlakatimizda 30-iyul Xalqlar do‘stligi kuni deb belgilangan.

Bu kunni munosib nishonlash maqsadida, Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda 30-iyuldan 7-avgustgacha mamlakatimizda “Do‘stlik festivali” o‘tkazildi.

Tadbir doirasida 5-avgust kuni “International hotel of Tashkent”da “Markaziy Osiyo mamlakatlarida millatlararo totuvlikni ta’minlash” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Xalqaro tashkilot va diplomatik korpus,  milliy-madaniy markaz va diniy qo‘mita vakillari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, OAV vakillari, JIDU talabalari ishtirok etishdi.

Konferensiyada Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda boshqa xorijiy davlatlarning yuqori martabali vakillari, yetakchi ekspertlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlaridan ishtirok etishdi.

Millatlararo totuvlikni, ularning madaniyatlarini yaqinlashtirishni ta’minlash, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik muhitini mustahkamlash, Markaziy Osiyo mamlakatlari ilmiy-axborot sohasida birlashtirish konferensiyaning asosiy maqsadi bo‘ldi.

Tadbir yakuni bo‘yicha konferensiya materiallari to‘plami nashr etildi. Konferensiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida millatlararo totuvlik, hamkorlik, hamjihatlik va doʻstona munosabatlarni taʼminlashga xizmat qiluvchi tavsiyalari ishlab chiqildi va qabul qilindi.

Madaniy-gumanitar sohada milliy madaniyat markazlari, do‘stlik jamiyatlarining roli kuchaytirildi.