“O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining rivojlanishi va iqtisodiyoti modernizatsiyasi: yondashuv, tendensiya va istiqbollari
18.01.2017 33989
2017 yil 17 yanvar kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” fakulteti kafedralari tomonidan tashkil qilingan “O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining rivojlanishi va iqtisodiyoti modernizatsiyasi: yondashuv, tendensiya va istiqbollari” nomli ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining oliy o‘quv yurtlari vakillari ishtirok etdilar. Konferensiyani JIDU rektori A. Djumanov tabrik so‘zi bilan ochib berdilar. Ular o‘z nutqida tadbir doirasida ko‘rib chiqilayotgan muammolar dolzarbligini hamda konferensiya kun tartibidagi masalalar bo‘yicha amaliy takliflarni ishlab chiqish muhimligini ta’kidladilar.
Plenar sessiyasida JIDU “Xalqaro savdo va investitsiyalar” kafedrasi mudiri, i.f.d., prof. I.R. Mavlanov, “Jahon iqtisodiyoti va XIM” kafedrasi professori, i.f.d. N. Sirojiddinov, “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi mudiri, i.f.n., dots. L.M. Tashpulatova va Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutining “Transport logistikasi” kafedrasi o‘qituvchisi D.A.Malenkix o‘z ma’ruzalari bilan chiqdilar.
Konferensiya quyidagi to‘rtta tematik seksiyalar doirasida ishini davom etdi:
- Zamonaviy globalizatsiya sharoitida iqtisodiyot modernizatsiyasi va tashqi iqtisodiy aloqalar rivojlanishining nazariy-metodologik masalalari.
- Zamonaviy O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilishda savdo va investitsiyalar.
- O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini modernizatsiya qilishning uslubiy masalalari va strategik yo‘nalishlari.
- Iqtisodiyotni modernizatsiya qilishda matematik modellarning roli.
Konferensiya davomida “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” fakulteti “Jahon iqtisodiyoti va XIM”, “Iqtisodiyot nazariyasi”, “Xalqaro savdo va investitsiyalar”, “Matematik modellashtirish va informatika” kafedralari professor-o‘qituvchilari, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti o‘qituvchilari hamda JIDU doktorantlari, magistrantlari va talabalari faol ishtirok etdilar. Tematik seksiyalar yig‘ilishlaridan so‘ng ularning moderatorlari qisqa ma’ruzalari bilan chiqdilar. Tadbir yakunlari bo‘yicha ilmiy konferensiyaning rezolyutsiyasi ishlab chiqildi.