08.07.2022 2362

Joriy yilning 29 iyun - 1 iyul kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti «Xalqaro munosabatlar» kafedrasi mudiri U.A. Xasanov, yetakchi ilmiy xodim hamda «Knowledge Hub UniCEN» loyihasining JIDU dagi koordinatori A.A. Umarov, Ilmiy bo'lim boshlig'i R.A. Ernazarov, PhD doktoranti M.M. Nurmetova va PhD doktoranti I.N. Gafarov Qozog'istonning Olmaota shahriga tashrif buyurishdi.

Ushbu safar «Knowledge Hub UniCEN» loyihasi doirasida tashkil etilib, uning maqsadi Qozog'istonning yetakchi universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yishdan iborat edi.

Safar davomida JIDU delegatsiyasi Narxoz universiteti, Al-Farobiy nomidagi Qozog'iston milliy universiteti va Qozoq-Nemis universiteti (KDU) ga tashrif buyurdi. Narxoz universiteti Xalqaro bo'limi boshlig'i va «Knowledge Hub UniCEN» loyihasi direktori, Pitsburg universiteti professori Jennifer Murtazashvili bilan; Narxoz universiteti Huquq va davlat boshqaruvi Oliy maktabi rahbariyati va professor-o'qituvchilari bilan; Qozog'iston milliy universiteti «Xalqaro munosabatlar» fakulteti dekani, Ilmiy va xalqaro aloqalar bo'yicha dekan muovini, «Xalqaro munosabatlar va jahon iqtisodiyoti» kafedrasi mudiri va professor-o'qituvchilari bilan uchrashuvlar bo'lib o'tdi.

Mazkur uchrashuvlar davomida tomonlar Markaziy Osiyo davlatlarining oliy o'quv yurtlari va akademik doiralari o'rtasida hamkorlik darajasi ancha sustligini e`tirof etib, tegishli oliy o'quv yurtlari o'rtasida hamkorlik o'rnatish, o'qitish va ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda ilmiy ishlar yozish sohasida tajriba almashish, shuningdek, mehmon ma'ruzalarini tashkil etish to'g'risida kelishib oldilar.