14.06.2022 1797

Joriy yilning 13-iyun kuni Toshkentda Faol fuqarolar haftaligi ish boshladi. Haftalik besh kun mobaynida uch mingdan ziyod ishtirokchilar — nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, vazirlik va tashkilotlar, mahalliy boshqaruv organlari, ekspertlar, faol fuqarolar va ommaviy axborot vositalari vakillarini bitta muloqot maydoniga jamlaydi.

Maqsad — 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi doirasida mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishdan iborat. 

Faol fuqarolar haftaligi doirasida forum, konferensiya, davra suhbati, munozara, telemuhokama, trening, marafon shaklidagi 30 dan ziyod tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. 

Jumladan, “Jamoatchilik ishtirokining innovatsion usullari” forumi, “Yashil” iqtisodiyot va innovatsiyalar – barqaror rivojlanish drayveri” mavzusida ekologik forum, “Oramizdagi qahramonlar” loyihasi doirasida taqdirlash marosimi boʻlib oʻtadi.

14-iyun kuni Faol fuqarolar haftaligi doirasida “Oʻzbekiston Respublikasida jamoatchilik ishtirokining innovatsion usullari: yutuqlar va rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi forum oʻz ishini boshladi. Ushbu tadbirni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev kirish soʻzi bilan ochib berdi. 

Faol fuqarolar haftaligini oʻtkazish zarurati nimada? Ekspertlarning eʼtiroficha, Oʻzbekistonning siyosiy qiyofasi yangilanishi bilan birga, odamlarning ham, fuqarolik jamiyatining ham dunyoqarashi oʻzgarmoqda. Bugun islohotlar samaradorligini oshirishda, taraqqiyot dasturlarini hayotga tadbiq qilishda va qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishda fuqarolik jamiyati institutlari katta salohiyatga ega.

Bugun Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni boshlandi. Buning zamirida shaxs, uning huquqlari va qonuniy manfaatlari yotadi. Ilgari amalda boʻlgan “davlat – jamiyat – shaxs” tamoyilini yangi “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga almashtirish taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyilini aks ettiruvchi fuqarolik jamiyati institutlarining roli va mavqeini Bosh Qomusimizda mustahkamlab qoʻyish koʻzda tutilmoqda.

Faol fuqarolar haftaligi Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida hamda mamlakatdagi konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida transformatsiya jarayonlarining barcha ishtirokchilari oʻrtasida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar va takliflar ishlab chiqish uchun konstruktiv muloqot maydoni boʻlib xizmat qiladi.

Faol fuqarolar haftaligi “Yuksalish” umummilliy harakati tashabbusi bilan Oliy Majlis Senati, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy markazi, Adliya vaziligi bilan hamkorlikda hamda AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), K.Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi va qator hamkor tashkilotlar koʻmagida tashkil etilmoqda.