31.05.2022 1632

Joriy yilning 27-may sanasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Yuridik klinikasida Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani tumanlararo sudining sayyor sudi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu sud JIDU Yuridik klinikasi va “Xalqaro huquq” fakultetining 2-3-bosqich talabalari  ishtirokidagi 2 ta sud  jarayoni namunaviy tartibda ko‘rib chiqildi. Sud jarayonlariga Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani tumanlararo sudining sudyasi  Dadajonova Dilfuza Burxoniddinovnava, o‘rinbosar  Shukurlayeva Guli Yusupovnalar raislik qilishdi. Sayyor sud protsessi davomida oila huquqi va mehnat huquqi sohasiga oid sud ishlari ko‘rib chiqildi.

Talabalar sud jarayonida sud ishtirokchilari: da’vogar, javobgar, guvoh, uchinchi shaxslar sifatida ishtirok etishdi. Bundan tashqari, sud protsessiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida talabalar fuqarolik-protsessual jarayonlari tartib-qoidalari bilan chuqur tanishib chiqishdi, talabalar tomonidan fuqarolik-protsessual hujjatlari tayyorlab chiqildi.

Sudyalar tomonidan talabalar tayyorlagan hujjatlar, dalillarga huquqiy baho berilib, kamchiliklar ustida ish olib borildi.

Sud yakunida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha xulosa o‘qib eshittirilib, ular bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Sayyor sud jarayonlari talabalar huquqiy ko‘nikmalari bilan bir qatorda, aktyorlik qobiliyatlarini ham oshirishga amaliy yordam berdi. Sud jarayonlaridan ko‘zlangan maqsadlarga muvaffaqqiyatli erishildi, talabalar sudyalardan o‘zlariga qiziq bo‘lgan hamda muammoli savollarga javob olishdi.