23.05.2022 1506

Joriy yilning 18-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi munosabatlarning yutuqlari va rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oreliya Bushez, Fransiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchilari janob Jan-Pol Vezian, Violen Biyet De Vilmor xonim va Izabel Servoz-Galluchchi xonim, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, professor Qodir Jo‘rayev, Fransiya elchixonasi diplomatlari, Fransiya xalqaro munosabatlar instituti tadqiqotchisi Mikael Leviston, JIDU professor-o‘qituvchilari va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Fransuz tilida o‘tkazilgan ushbu tadbir JIDUning fransuz tilini o‘rganuvchi talabalari oldida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi rivojlanib borayotgan hamkorlik haqida fikr yuritish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi. Bu Fransiya elchixonasi, xususan, JIDU bilan munosabatlariga, umuman olganda, universitet hamkorligiga katta ahamiyat berayotganidan dalolat beradi.