Buyuk Britaniya delegatsiyasi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi
16.05.2022 1043
Joriy yilning 5 may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida JIDU xalqaro aloqalar bo'yicha prorektori S. Saidkasimov va Buyuk Britaniya Liberal-demokratik partiyasi tashkiliy qo'mitasi a'zosi, Buyuk Britaniyaning xalqaro ishlar bo'yicha ishbilarmonlar klubi raisi K. Divani va Britaniya «EdLogica» kompaniyasi Bosh direktori V. Joshi uchrashuvi bo'lib o'tdi. S. Saidkasimov mehmonlarni universitet faoliyati bilan tanishtirdi. Britaniya delegatsiyasi o'z tashrifining maqsadini batafsil bayon etib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini o'rnatish istagini bildirdi.
Tomonlar ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini ko'rib chiqdilar va o'z takliflarini bildirdilar. Xususan, ingliz universitetlari bilan bakalavriat va magistratura talabalari uchun 2+2 va 2+1 formatdagi almashuv dasturlarini ishga tushirish, Britaniya universitetlaridan professor-o'qituvchilarga mehmon ma'ruzalarini o'tkazish masalalari muhokama qilindi. K. Divani ilgari ta'lim sohasida faoliyat olib borganini va JIDU talabalari uchun «Raqamli diplomatiya» mavzusida onlayn va offlayn ma'ruzalar o'tkazishga tayyor ekanini ta'kidladi. Raqamli iqtisodiyot, raqamli huquq va turizm asosiy yo'nalishlar etib belgilandi. Britaniya delegatsiyasi AIESEC yoshlar global platformasi bilan hamkorlik qilish taklifini ilgari surdi. V. Joshi universitetda ikkinchi til o'qitish sifatini oshirish maqsadida Hindistondan JIDU talabalariga hind tilini o'rgatishga tayyor bo'lgan ko'ngillilarni taklif qilishi mumkinligini ta'kidladi.
Tomonlar ushbu masalalarni batafsil muhokama qilish va turli yo'nalishlar bo'yicha hamkorlik qilish uchun aniq loyihalarni ishlab chiqish va kelgusida memorandum imzolashga qaror qildilar.