Janubiy Koreyaning "The Korea Herald" nashrida Sodiq Safoyevning maqolasi chop etildi
12.05.2022 1105
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyevning “Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” nomli maqolasi Janubiy Koreyaning “The Korea Herald” nashrida chop etildi.
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan yangilangan ichki va tashqi siyosatni xalq tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotganligi hamda soʻnggi besh yil davomida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bilan bogʻliq modernizatsiyaning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlanib, islohotlarning keyingi bosqichi, shubhasiz, yanada murakkab, fundamental siyosiy va iqtisodiy islohotlarni oʻz ichiga olishini inobatga olgan holda keng jamoatchilik muhokamasi asosida yettita ustuvor yoʻnalishdan iborat 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqilgani bildirilgan.
“Kelgusi besh yilga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi ijtimoiy bozor iqtisodiyoti, dunyoviy demokratik huquqiy davlat, inson qadrini ulugʻlash va barqaror rivojlanishga erishish tamoyillariga asoslanadi”, deyiladi maqolada.
Senat Raisining birinchi oʻrinbosari oʻz maqolasida Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasining yettita ustuvor yoʻnalishlari hamda mazkur yoʻnalishlar doirasida belgilangan vazifalar boʻyicha batafsil toʻxtalib oʻtgan.
Xususan, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash uchinchi ustuvor yoʻnalishi doirasida 2030-yilga borib aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini 1,6 baravarga, oʻrtacha daromadni esa 4000 dollardan oshirish rejalashtirilgani qayd etilgan.
Shuningdek, maqolada Koreya Respublikasi bilan munosabatlarni rivojlantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib, Janubiy Koreya Oʻzbekistonning mustaqilligi va suverenitetini, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning izchil va tizimliligini qoʻllab-quvvatlovchi Oʻzbekistonning azaliy, oʻzini isbotlagan strategik va ishonchli hamkori ekanligi taʼkidlangan.
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021-yilda Seulga tarixiy tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik uchun yangi ufqlarni ochdi”, deb yozadi muallif.
Senat Raisining birinchi oʻrinbosari “uzoq muddatli maqsad va saʼy-harakatlarning ijobiy natijalari oʻzini uzoq kuttirmaydi. Oʻzbekiston demokratik, barqaror rivojlanayotgan davlat sifatida jahon hamjamiyatidagi oʻz mavqeini mustahkamlashda davom etadi”, deya yakunlaydi maqolasini.