12.05.2022 1052

2022-yil 4-may kuni JIDU o‘qituvchilaridan bir guruhi O‘zbekiston Davlat konservatoriyasining Organlar zalida bo‘lib o‘tgan “Bastakor ayollarning fortepiano durdonalari” nomli kamera musiqasi konsertida ishtirok etishdi.

Musiqiy san’atning alohida yo‘nalishi sifatida bastakor ayollar ijodiga umumiy e’tiborni qaratish g‘oyasi iste’dodli o‘zbek pianinochisi, ko‘plab noyob musiqiy loyihalar va konsert dasturlari muallifi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, professor Adiba Sharipovaga tegishli. Uning g‘oyasini konsertda ishtirok etgan hamfikr sozandalar jamoasi: Iroda Rixsieva (dutor) va Asene Ovchinnikova (skripka) qizg‘in qo‘llab-quvvatladi. Kecha dasturi 19-asr – romantizm davridan to hozirgi kungacha boʻlgan turli mamlakatlar va davrlar bastakor ayollarining kamera kompozitsiyalaridan iborat edi. Tomoshabinlarga Klara Viek (Germaniya), Sofiya Gubaydulina (Rossiya-Tatariston), Zarina Mirshakar (Tojikiston), Xurshida Xasanova va Dilorom Amanullaevaning (O‘zbekiston) fortepiano asarlari, shuningdek, ikkita duet: skripka va fortepiano uchun Lili Bulanjerning (Frantsiya) “Bahor qo‘shig‘i” va dutor va fortepiano uchun Xiromi Yanoning (Yaponiya) “Paganini mavzusidagi variatsiyalar” taqdim etildi. Iste’dodli sozandalar ijrosida fortepiano san’atining durdonalari yangradi.