25.04.2022 1409

2022 yil 22 aprelda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida YuNESKOning “Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi tomonidan “Xalqaro huquqning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Ma'lumki, 2022-2026-yillarda Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi doirasida “Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning normativ-huquqiy bazasini hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish” maqsadi belgilangan. Mamlakatimizning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, Jahon Savdo Tashkiloti va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi ishtirokini faollashtirish, xorijiy davlatlar bilan yaqin huquqiy munosabatlarni kengaytirish, milliy qonunchilikni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shulardan kelib chikkan holda, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning maqsadi global transformasiya jarayonlari, jumladan, raqamli transformasiyalar kontekstida xalqaro huquqning dolzarb masalalarini muhokama qilish, xalqaro huquqning huquq tizimi va fan sifatida jahon miqyosida va xususan, O‘zbekistonda rivojlanish tendensiyalari hamda istiqbollari haqida fikr almashish va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Konferensiya xalqaro ommaviy huquq muammolari: zamonaviy holati va rivojlanish istiqbollari, xalqaro huquq fanining rivojlanishi, inson huquqlarini himoya qilish, Jahon savdo tashkiloti huquqi va amaliyotining dolzarb jihatlari hamda O‘zbekiston Respublikasining siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorligini huquqiy tartibga solishga oid masalalarni qamrab oldi.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha tegishli tavsiyalar, shuningdek, ilmiy maqolalar va konferensiya tezislari to‘plamini ishlab chiqish rejalashtirilgan.