JIDUda nemis tilidan "Notiqlik san’ati" tanlovining birinchi bosqichi bo’lib o’tdi
23.04.2022 1174
Joriy yilning aprel oyida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida nemis tili fanidan notiqlik san’ati bo’yicha tanlovning birinchi bosqichi nemis tilini asosiy va ikkinchi chet tili sifatida o’rganayotgan talabalar o’rtasida bo’lib o’tdi. Tanlovdan ko’zlangan asosiy maqsad O’zbekistonda nemis tili rivojiga hissa qo’shish, global ahamiyatga ega bo’lgan zamonaviy muammolarga talabalar e’tiborini qaratish va talabalarning ma’lum bir masala borasida o’z nuqtai nazarlarini nemis tilida ifoda etish mahoratini rivojlantirishdan iborat edi. Talabalar tanlovda quyidagi mavzular bo’yicha o’z nutqini bayon etdilar:
- 2022-yilda O‘zbekiston bilan Germaniya diplomatik munosabatlar o’rnatilganining 30 yilligini nishonlaydi: hamkorlik natijalari haqida nima deya olasiz? Kelgusi 30 yil davomida bu munosabatlar qanday bo’ladi deb o’ylaysiz?
- Diplomatiya san’ati nimasi bilan ajralib turadi? Diplomatiya tinch-totuv yashashga qanday ta’sir ko’rsatadi?
- Hozirgi yosh avlod oldida qanday muammolar bor? Ularning qanday yechimlarini ko’ryapsiz?
- Ijtimoiy tarmoqlar siz uchun qanchalik muhim? Ularning ijobiy va salbiy tomonlari qanday? Ijtimoiy tarmoqlarning kelajagi va ularning ijtimoiy hayotga ta’siri haqida fikringiz qanday?
Oʻtgan yilda Xalqaro munosabatlar fakulteti 3-bosqich talabasi Sobirova Mohinur ushbu tanlov doirasida universitetda faxrli 1-o'rinni qoʻlga kiritib, Germaniya Federativ Respublikasining Toshkentdagi Elchixonasida boʻlib o’tgan yakuniy bosqichda na'munali ishtirok etgan edi. Joriy yilda tanlovdan tashqari ishtirok etib, "Eng yaxshi nemis tili bilimdoni" deb tan olindi.
Mazkur tanlovda 12 nafar talaba ishtirok etdi. G’oliblar quyidagi mezonlar asosida saralab olindi:
- tilni bilish
- tanlangan mavzuni yoritish
- notiqlik san’ati: nutq strukturasi
- ritorika vositalarini qo’llash, intonatsiya
Tanlov g’oliblari:
- 1-o’rin: Yuldashev Mirzoxid (3-kurs XIM)
- 2-o’rin: Saidov Daler (3-kurs XM)
- 3-o’rin: Rahimov Xudoyor (2-kurs XM)
G’oliblarga keyingi bosqichda omad tilaymiz!