O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori S.Safoev Toshkent shahar Yangihayot tumani Xalq ta’limi faollari bilan uchrashdi
22.04.2022 1190
Joriy yilning 19 aprel kuni Yangihayot tumanidagi 330-umumta’lim maktabida tashkil etilgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori S.Safoev va universitet professor-o‘qituvchilari Toshkent shahar Yangihayot tumani Xalq ta’limi faollari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Prezident Sh.Mirziyoev raisligida joriy yil
5 aprel kuni xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligining tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini amalga oshirish bo‘yicha axborot berildi. Jumladan:
- Maktablarda ta’lim sifatini ko‘tarish bo‘yicha metodologik yordam ko‘rsatish;
- Muayyan ta’lim yo‘nalishlari (gumanitar va aniq fanlar, xorijiy tillar) bo‘yicha maktab pedagoglarining malakasini oshirish;
- Xalq ta’limi sohasida xorijiy tajribani o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash borasida JIDU professor-o‘qituvchilari Yangihayot tumani maktablari bilan tizimli ishlarni amalga oshirishni boshladilar.
Bundan tashqari, S.Safoev tomonidan O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi mamlakatimizda siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy hamda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash sohalarida amalga oshiriladigan vazifalarni qamrab olgani, xususan, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirishning eng muhim omili hisoblangan sifatli ta’lim-tarbiya masalasi doimiy e’tibor markazda bo‘lishi ta’kidlandi.