01.04.2022 1072

JIDUda Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor prof. Saidqosimov S.S. va Vitautas Buyuk universiteti (Litva) rektori prof. Juozas Augutisning boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Delegatsiya vakillari sifatida Kommunikatsiyalar bo'yicha prorektor prof. Vilma Biijkienė, Siyosatshunoslik va diplomatiya fakulteti dekani prof. Šarunas Liekis, Informatika fakulteti dekani prof. Tomas Krilavichius, Xalqaro hamkorlik koordinatori Yekaterina Makrikiene va Xalqaro hamkorlik va marketing departamenti rahbari Vaidas Dachola ishtirok etdilar.

Mehmonlarga JIDUning yaratilish tarixi, tarkibiy bo‘linmalari, ta’lim va ilmiy yo‘nalishlari hamda jahonning yetakchi universitetlari bilan xalqaro aloqalari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Litva tomoni Vitautas Buyuk universiteti faoliyati haqida ma’lumot berib, JIDU bilan ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdorligini bildirdi.

Ikki oliy taʼlim muassasasi faoliyati, ilmiy salohiyat va ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, Erasmus+ dasturlarini amalga oshirishning amaliy masalalari, Yevropa Ittifoqining yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda ilmiy va taʼlim loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan atroflicha maʼlumotlar almashildi.

Ma'lumot uchun: Vitautas Buyuk universiteti Kaunas shahrida (Litva) joylashgan. Uning tarkibida 9000 dan ortiq talaba bo‘lib, u Litvaning ikkinchi yirik universiteti hisoblanadi. Universitetda 29 ta kafedra va markazlarni birlashtirgan 10 ta fakultet va 2 ta institut mavjud.