28.02.2022 1711

Iqtisodiyotning globallashuvi sharoitida chet tillarni bilish jahon bozorida vaziyatni xolisona baholashda, korxonalarning  iqtisodiyot samaradorligini oshirish borasidagi  strategiyasini ishlab chiqishda yordam beradigan muhim axborot mahsulotiga aylanmoqda. Iqtisodchi uchun chet tili amaliy iqtisodiyotning eng zamonaviy yo‘nalishlariga yo‘l ochadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, chet tilini bilmay turib iqtisodchi mutaxassis bo‘lish mumkin emas, chunki iqtisodga oid tushunchalarning aksariyati xorijiy mamlakatlarda rivojlangan.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya univеrsitеtida 2022-yil 23-fevral kuni iqtisodiy globallashuv jarayonida ta’lim: iqtisodiyot va chet tillarni o‘qitish, masofaviy ta’lim muammolari, yechimlari va yutuqlariga bag‘ishlangan xalqaro miqyosidagi “Ta’limda zamonaviy trendlar: xorijiy tillar va xalqaro iqtisodiyot” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman tashkil qildi.

Anjuman kun tartibidan quyidagi dolzarb masalalar o‘rin oldi:

  • turli ta’lim muassasalarida universal masofaviy ta’lim sharoitida o‘qitishning o‘ziga xos xususiyatlari: muammolar, tajribalar, istiqbollar;
  • xalqaro iqtisodiyot va menejment sohasida chet tillarni o‘qitishning dolzarb masalalari;
  • raqamli iqtisodiyot: biznesni o‘zgartirish tendentsiyalari va istiqbollari;
  • sun’iy intellekt davrida tarjima: turli yondashuvlar integratsiyasi;
  • tarjimani pedagogik vositaga aylantirish;
  • mutaxassislik uchun xorijiy tillar (LSP) o‘qitishda fanlararo integratsion ta’limining ahamiyati: tajriba, yutuqlar, muammolar va yechimlar.

Anjumanda mahalliy oliy ta’lim muassasalari: O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti va bir qator xorijiy davlatlar universitetlari professor-o‘qituvchilari so‘zga chiqishdi. Jumladan, AQShning Kolumbiya va Vebster  universitetlari, I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, Mordoviya Milliy Universiteti, Dresden texnika universiteti tadqiqotchilari va olimlari konferensiyada onlayn va offlayn tariqasida ishtirok etishdi.

Anjumandan ko‘zlangan  asosiy maqsadlaridan yana biri  Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetei talabalariga zamonaviy trendlar, masofaviy ta’lim va raqamli iqtisodiyot muammolariga bag‘ishlangan yetakchi mutaxassislarning ma’ruzalaridan bahramand bo‘lish, ingliz tili borasidagi bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash va xalqaro anjumanlarda ishtirok etish tajribasidan xabardor qilish edi. Shu munosabat bilan universitetning har sohada ilg‘or talabalari anjumanni tashkil qilish va o‘tkazish jarayoniga faol jalb qilindi. Anjuman davomida talabalar ma’ruzachilarga o‘zlarini qiziqtirgan masalalarda savollar berishlariga imkoniyat yaratib berildi.

Xulosa qilib aytganda, xalqaro anjuman tashkilotchilari o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalariga to‘liq erishdi va nafaqat JIDU jamoasidan balki ishtirokchi oliy ta’lim muassassalaridan anjumanni tashkil qilish va o‘tkazish borasidagi iliq va  ijobiy fikrlarni eshitishga muvaffaq bo‘lishdi.