JIDU rektori Yaponiya hukumati tomonidan "Chiqayotgan quyosh Katta Kordon ordeni" bilan taqdirlandi
25.02.2022 1469
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev Yaponiya hukumati tomonidan “Chiqayotgan quyosh Katta Kordon ordeni” imperatorlik mukofoti bilan taqdirlandi.
2021-yilning 3-noyabr kuni Yaponiya hukumati 2021-yilgi Imperator ordeni bilan taqdirlangan xorijliklar ro‘yxatini e’lon qilgan. Ro‘yxatda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev ham bor.
Bugun, 25-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “O‘zbekiston-Yaponiya: diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil, strategik sheriklikni chuqurlashtirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro konferensiya tashkil etildi. Tadbir davomida JIDU rektori Sodiq Safoyevga Yaponiya hukumati tomonidan “Chiqayotgan quyosh Katta Kordon ordeni” imperatorlik mukofotini topshirish marosimi ham oʻtkazildi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Sodiq Safoyev Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish va do‘stona munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun “Chiqayotgan quyosh Katta Kordon ordeni” bilan taqdirlangan.
“Chiqayotgan quyosh Katta Kordon ordeni” faqat yuqori natijalarga erishgan shaxslarga beriladi va u birinchi bor O‘zbekistonda berilmoqda. Eslatib o‘tish lozimki, ushbu orden 1875-yildan beri berilib kelinmoqda.
Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabariga ko‘ra, “Sodiq Safoyev Yaponiya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi muhim platforma bo‘lgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti boshlanishida Tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan va uzoq yillar davomida Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga hamda mazkur dialog rivojiga hissa qo‘shgan.
“Oliy Majlis – Yaponiya parlamenti” parlamentlararo guruhining sobiq raisi sifatida u ikki davlat oʻrtasidagi parlament almashinuvini rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshgan. Uning ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar va doʻstlikni mustahkamlashdagi xizmatlarini nihoyatda salmoqli deb atash mumkin.
Shu munosabat bilan, Universitet jamoasi rektorni ushbu yutug‘i bilan samimiy tabriklaydi va unga yanada yuksak marralar va muvaffaqiyatlarni izhor etadi.